Qorasuvda yangi poliklinika aholiga qanday tibbiy xizmat ko‘rsatmoqda?

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqar­masidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 2023 yilning yanvar-sentyabr oylarida hududlarda 12 ta oilaviy shifokorlik punkti, 5 ta oilaviy poliklinika va 30 ta mahalla tibbiy punktlari tashkil etildi. Birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari soni 203 tadan 244 taga yetdi.

Buning natijasida 850 ming nafar aholi birlamchi tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. E’tiborlisi, o‘tgan davrda 228 ta poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlaridagi 2100 ta o‘rin kunduzgi statsionarda 70 ming nafarga yaqin bemor davolandi. Bu ko‘rsatkich 2022 yilning mos davrida 26 025 nafarni tashkil etgan. Birlamchi tibbiy xizmat muassasalariga bo‘lgan talabning keskin ortishi tizimda amalga oshirilgan islohotlar tufayli yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar natijasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Preziden­tining 2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida joriy yil boshida Qorasuv massivida yangi tashkil qilingan 13-oilaviy poliklinika ham bugun shahar aholisiga sifatli xizmat ko‘rsatib kelmoqda.

- Muassasamiz hududdagi Obod maskan, Qorasuv, Shodiyona va Bahodir Yalangto‘sh nomli mahallalari aholisiga xizmat ko‘rsatadi, - yeydi 13-oilaviy poliklinika bosh shifokori Shuhrat Saidov. — Tibbiy xizmat sifatini oshirish maqsadida mavjud har bir mahallaga 2 ta tibbiy brigada xizmat qilmoqda. Har bir tibbiy brigadada 1 nafar oila shifokori, 2 nafar patronaj hamshira, 1 nafar amaliyotchi hamshira, 1 nafar doya birlamchi tibbiy sanitariya yordamini ko‘rsatib kelmoqda. Bundan tashqari, oilaviy poliklinikada barcha tor soha mutaxassislari mavjud.

Eng muhimi, bugungi kun tala­bi­­dan kelib chiqqan holda muassasamizda ultratovush tekshiruvi (UTT), elektrokardiografiya (EKG), elek­troensifalografiya (EEG), exo-ensifalografiya (Exo-EG), neyrosonografiya apparatlari bilan bog‘liq tibbiy xizmatlarni amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, laboratoriyamiz ham zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Bu yerda umumiy qon tahlili, umumiy siydik tahlili, qon bioximiya tahlili, kaogulagramma analizi, immunoferment analiz (IFA), qon ivish vaqtini aniqlash, revmatoid faktorni aniqlash, gepatit B-C aniqlash hamda RWga va OIV infeksiyasiga qon namunalarini olish yo‘lga qo‘yilgan.

Oilaviy poliklinikalarda barcha tekshiruvlarni amalga oshirib, mutaxassislar ko‘rigidan o‘tishi, tashxis qo‘yish mumkin. Kunduzgi statsionar bo‘limida har kuni soat 08:00 dan 20:00 gacha davolanish, bepul dori-darmon berilishi aholining oilaviy poliklinikaga ishonchining oshishiga,  qatnovning ko‘payishiga xizmat qilmoqda.

G‘olib Hasanov,

Alisher Isroilov.

***

Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.