Baxtli hayot uchun besh qoida
Kamtarona daromadga ega bo‘lsa ham, inson o‘zini baxtli his qilishi mumkin. Yoki aksincha, siz boshqalar orzu qilgan barcha narsaga ega bo‘lib turib, hali ham shavq va ishtiyoqsiz bo‘lishingiz mumkin. Baxtni sotib olib bo‘lmaydi, chunki u pul miqdoriga emas, balki o‘z borlig‘ingizni qanday qabul qilishingizga bog‘liq.
Albatta, kishiga qulaylik va xavfsizlikni ta’minlab beradigan pullar muhim. Lekin odatda bizni chinakam baxtli qiladigan samimiyat, muhabbat, yaxshi do‘stlar, mustahkam sog‘liq, hayotga bo‘lgan ishtiyoq va maqsad kabi tuyg‘ular sotilmaydi. Quyida hisobingizdagi millionlarsiz, o‘zingizni boyroq his qilishingizga yordam beradigan beshta oddiy tamoyillar keltirilgan.
Atrofingizdagi mayda-chuydalardan boshlang
Baxt kamdan-kam hollarda uzoqdan keladi - u kichik narsalarda yashaydi. Ertalabki quyosh, qahva hidi, sevimli qo‘shiq yoki yaqin do‘stingiz qo‘ng‘irog‘i... Agar siz oddiy narsalarni qadrlay boshlasangiz, hayot yanada mazmunli bo‘ladi. Bir kun bo‘lsa ham barcha narsalarni faqat yaxshi tomonini payqab yashashga harakat qiling va baxt tuyg‘usining ko‘p qismi o‘zingizda borligiga hayron qolasiz.
O‘zingiz bilan uyg‘unlikda yashang
Qanday qilib ichki uyg‘unlikni topish mumkin? Odamlar ko‘pincha o‘zlarini boshqalar bilan solishtirib energiya sarflab yuradi. Uyg‘unlik esa hayotingizni boshqalar me’yorlari bilan o‘lchashni to‘xtatganingizda keladi. O‘zingizga yaqin, sizga ma’qul keladigan va quvonch keltiradigan narsalar bilan band bo‘ling va hech qachon boshqalar muvaffaqiyati ortidan quvmang. Har qanday muvaffaqiyatdan ko‘ra ichki osoyishtalik muhimroq.
Aslida sizga nima kerakligini tushunib oling
Ba’zan biz shunchaki "shunday qabul qilingan"ligi uchun nimalarnidir xohlaymiz. Lekin agar siz diqqat bilan o‘zingizni eshitsangiz, biz xohlagan narsalarning aksariyati kerak emasligini bilib olasiz. Haqiqiy istaklaringizni tushunib olish - bu erkinlikka bo‘lgan birinchi qadamdir. Keraksiz narsalar ortidan quvishni to‘xtatsangiz, haqiqatan ham muhimlariga vaqt topa olasiz.

O‘zingizda bor narsalardan zavqlanishni o‘rganing
Oramizda boyroq, muvaffaqiyatliroq yoki omadliroq kishilar topiladi. Agar siz ulardagi bor narsalarga intila boshlasangiz, o‘zingizda borlaridan zavq olishga hech qachon vaqtingiz bo‘lmasligi mumkin. Baxtli bo‘lishning sirlaridan biri - bu o‘lchov hissidir. Xursandchilik o‘zingizga yetmayotgan narsalarni sanashda to‘xtaganingizda keladi.
O‘zingizda bor narsa uchun minnatdor bo‘ling – shuning o‘zi boylik
Ichki muvozanatga ega va shukronalik bildira oladigan odamning o‘zi boydir. Rahmat aytish uchun har kuni kamida bitta sabab topishga harakat qiling - shunda kayfiyatingiz tabiiy ravishda o‘zgaradi.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.