Diabetning birinchi belgisi nima?

Tabiiyki, o‘n kishidan to‘qqiztasi buning nimaligini ayta olmaydi, ba’zi paytlarda bunaqa bilimsizlik oqibatda juda ham achinarli holatlarga – insult, yurak ishemik kasalliklari, miokard infarkti, buyraklar yetishmovchiligi, ko‘rish qobiliyatini yo‘qotish, gangrena va boshqa ko‘p xil boshqa xastaliklarga olib keladi. Ishoning, bularning barchasi bitta zanjirning halqalaridir. Ko‘pincha diagnoz to‘satdan vrach ko‘rigidan o‘tilgan holda qo‘yiladi.

Afsuski, biz tibbiyot xodimlari ko‘rigiga eng oxirgi fursatda, kasallikning alomatlari bizning turmush tarzimizda jiddiy muammolar tug‘dirish­ni boshlaganidagina boramiz. Lekin barcha kasalliklar boshlang‘ich davrida osonroq davolanadi. Shuning uchun, qandli diabetni keltirib chiqaruvchi sabablarni va dastlabki alomatlarni bilishimiz zarur.

Qandli diabet insulin gormonining to‘liq yoki qisman yetishmovchiligidan kelib chiqadi. Natijada qondagi glyukoza miqdorining davomli ortib borishi kuzatiladi. Kasallik surunkali davom etishi va organizmdagi moddalar almashinuv jarayonlarining buzilishi bilan tavsiflanadi.

Kasallikning eng ko‘zga ko‘ringan belgilari – peshob orqali ko‘p suyuqlik yo‘qotish va qondirib bo‘lmaydigan tashnalik hisoblanadi. Uning ikkita turi mavjud. 1-turning kelib chiqi­shida oshqozon osti bezida yashashga moyil bo‘lgan virusli infeksiyalar ya’ni, gepatit, paro­tit, qizilcha, qizamiq va boshqalarning muhim o‘rni bor. 2-tur qandli diabetning kelib chiqishida esa kamharakatlik, yengil hazm bo‘luvchi uglevodlarga boy mahsulotlarni, hayvon yog‘ini surunkali va ortiqcha iste’mol qilish natijasida tanada yig‘iladigan ortiqcha yog‘ to‘qimasining shakllanishi sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari surunkali stress holatlari, uzoq davom etuvchi uyqusizlik, gipertoniya, pankreatit, semizlik, tireotoksikoz, Itsenko-Kushing sindromi, akromegaliya va boshqa kasalliklar diabetning paydo bo‘lishiga imkon yaratadi. Shuningdek, qo‘qqisdan yuzaga kelgan stress holatlari ya’ni, birdan qo‘rqib yoki xursand bo‘lib ketish holati ham qandli diabetga moyil bo‘lgan, uglevodlar almashinuvi buzilgan odamlarda bu kasallik belgilari paydo bo‘lishiga olib keladi. Hozirda viloyatimizda endokrin kasalliklar bilan dispanser nazoratiga olingan 159705 nafar bemorning 48428 nafari qandli diabet bilan og‘rigan. Shuningdek, diabetning 1 turi bilan esa 477 nafar voyaga yetmaganlar va o‘smirlar davolanmoqda.

Joriy yilda kasallikni erta aniqlash bo‘yicha o‘tkazilgan  40  yoshdan oshgan xavf guruhidagi aholi o‘rtasidagi skrining tekshiruvlarda 19847 nafarida endokrin kasalliklar, jumladan, 3403 ta bemorda qandli diabet erta aniqlanib ularga kerakli tavsiyalar berildi.

Zuhra KOZIMOVA,

Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazi

viloyat filiali bosh shifokori o‘rinbosari.