“TADBIRKORLAR VIRTUAL OFISI” — tadbirkor uchun tezkor va samarali yordam manbai
Bugun tadbirkorlar uchun davlat organlari bilan ochiq muloqot qilish, o‘z muammolarini tez va oson yetkazish imkoniyatlari kengaymoqda. Shu yo‘nalishda samarali platformalardan biri — “Tadbirkorlar virtual ofisi” axborot portali hisoblanadi.
Ushbu platforma orqali tadbirkorlar kechayu kunduz murojaat qilishlari va muammolari yechimi ustidan nazorat o‘rnatilishini ko‘rishlari mumkin. Portal tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan masalalarni aniqlash va ularni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
2025 yilda viloyatimiz tadbirkorlaridan portal orqali 776 ta murojaat kelib tushgan va ularda 806 ta masala ko‘tarilgan. Murojaatlarning asosiy qismi soliq, infratuzilma, bank-kredit, yer va kadastr sohalari bilan bog‘liq bo‘ldi. Bu masalalarning ijobiy hal etilishi natijasida tadbirkorlarga 2,5 milliard so‘mdan ortiq kredit ajratilishiga ko‘maklashildi, qariyb 2,9 milliard so‘m mablag‘ undirib berildi. 1,6 milliard so‘mdan ziyod soliq qarzlari hisobdan chiqarildi. Shuningdek, noqonuniy hisoblangan jarimalar bekor qilinib, tadbirkorlarning huquqlari tiklangan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayoni Biznes-ombudsman tomonidan doimiy nazorat qilinadi va belgilangan muddatlarga rioya etmagan mansabdor shaxslarga nisbatan qonuniy choralar ko‘riladi.
Tadbirkorlar o‘z faoliyati bilan bog‘liq masalalarda muammoga duch kelsa yoki takliflari bo‘lsa, business.gov.uz sayti yoki 1100 qisqa raqami orqali murojaat qilishlari mumkin.
Abrorjon Ibragimov,
Prezident huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devonining viloyat shu’basi yetakchi inspektori