“Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni”
Shu nomli risolada buyuk muhaddis, islom olamida “Dunyo imomi”, “Hadis ilmida mo‘’minlar amiri” kabi yuksak va sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan vatandoshimiz Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi haqida so‘z yuritilgan.
“Mahorat” nashriyotida nashr etilgan ushbu risolaning muqaddimasidan buyuk muhaddisning nasl-nasabi, yoshligi, ilmiy safarlari, ustozlari, shogirdlari, siyrati va go‘zal axloqi haqidagi ma’lumot o‘rin olgan.
Keyingi o‘rinlarda allomaning ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumotlar berilib, islom dinining asl mazmun-mohiyatini teran anglashda, ijtimoiy-axloqiy jihatlarga targ‘ib etishda, yoshlar tarbiyasini diniy va milliy qadriyatlar bilan to‘yintirishda Imom Buxoriy merosining ahamiyati, o‘rni qay darajada muhimligi ta’kidlanadi. Shuningdek, unda ulug‘ muhaddisning ilmiy faoliyatida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan voqealar, ilmiy bahslar va “Sahihul Buxoriy”da jamlangan hadislardan namunalar keltirilgan.
***
Tabiatning o‘zi tabib

Yaratgan zaminimizni turli dorivor o‘simliklar bilan ziynatlagan. Tuproqda o‘sadigan har bir giyoh azaldan turli kasalliklarni davolashda qo‘llanib kelinadi. Ularning shifobaxsh xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar asrlar davomida ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelmoqda. Zamonaviy tibbiyot qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, bugun bunday tabiiy giyohlar odamlarning salomatligini tiklashda o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
“Fan bulog‘i” nashriyotida tabobat ixlosmandi Tal’at Abdullayevning “Shifobaxsh o‘simliklar: meyer smorodinasi, ro‘yan, xushbo‘y moychechak, Eron zirasi, jingalak otquloq” risolasi chop etildi. Risolada turli hududlarda o‘sadigan tabiiy dorivor o‘simliklarning foydali xususiyatlari, ularni qanday tayyorlash va foydalanish haqida tavsiyalar berilgan. Xususan, muallif ushbu o‘simliklarni tavsiya qilar ekan, ularning turli kasalliklarda inson tanasiga qanday ta’sir qilishi batafsil tushuntiriladi va ulardan shifokor bilan maslahatlashgan holda foydalanish zarurligini uqtiradi.
Tal’at Abdullayevning bugungacha Samarqand zaminida o‘sadigan turli foydali giyohlar tavsifi va ta’rifiga bag‘ishlangan bir nechta risolalari nashr etilib, ko‘pchilikka salomatligini tiklashda nafi tegmoqda.
Sulaymon Mardiyev.