Qandli diabetga qarshi qanday kurashish kerak?
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda qandli diabet kasalligi tobora yasharib bormoqda. Hozir Yer yuzi aholisining qariyb 7 foizi ushbu darddan aziyat chekyapti. Ulardan juda katta qismi xastalikning 2-turiga chalingan.
Mutaxassislarning xulosa qilishicha, bu kasallikni keltirib chiqaruvchi omillar orasida nosog‘lom turmush tarzi asosiy o‘rinni egallaydi. Shu bois, 14 noyabr — Xalqaro diabetga qarshi kurash kuni deb belgilangan.
Qandli diabetning 1-turi ko‘proq bolalar va o‘smirlar orasida uchraydi. Agar o‘z vaqtida tegishli davo choralari ko‘rilib, kasallik nazoratga olinmasa, og‘ir asoratlarni keltirib chiqaradi.
Diabetning 2-turi esa oldini olish mumkin bo‘lgan xastalik. Sog‘lom turmush tarzi, to‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy faollik, qonda qand miqdorining doimiy nazorati — skrining, kerak bo‘lsa, tegishli dori vositalari orqali bu dardni yengish mumkin.
Agar insonda diabet oldi holatlari kuzatilsa, metformin preparatini qabul qilish tavsiya qilinadi. Bunday vaziyatda shifokor tavsiyalariga to‘liq rioya etilsa, statsionar sharoitida davolanishga hech qanday ehtiyoj bo‘lmaydi.
Qondagi qand miqdori sutka davomida doimo to‘liq me’yorda ushlab turilsa, diabet asoratlarining oldini olish yoki kechiktirish mumkin.
Shu sababli aholi, avvalo, patronaj hamshirasi va oilaviy shifokor, qandli diabet bilan kasallangan bemorlar esa endokrinolog nazoratida bo‘lishi shart. Ehtiyoj bo‘lganda kardiolog, nevropatolog, nefrolog, oftalmolog, xirurg mutaxassislari bilan maslahatlashgan holda davolanish choralari ko‘rilishi kerak.
Prezidentimizning “Endokrinologiya xizmatini takomillashtirish va ko‘lamini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ayni paytda qandli diabet kasalligiga chalingan bemorlarni bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Qirq yoshdan oshgan aholini yilda kamida bir marotaba maqsadli skriningdan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yilyapti. Surunkali endokrin kasalliklarni davolashning zamonaviy klinik protokollari va algoritmlari joriy etilyapti.
Bunda 2022–2024 yillarda yurtimiz aholisiga endokrinologiya yordamini ko‘rsatishni rivojlantirish dasturi asosida olib borilayotgan ishlar hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.