Qandsiz diabetning kelib chiqish sabablari nimada, kasallik bolalarda qanday namoyon bo‘ladi?
Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining qandsiz diabet haqidagi savollariga Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori vazifasini bajaruvchi Feruza Haydarova javob berdi.
- Kasallikning kelib chiqishiga buyraklarning antidiuretik gormonga nisbatan sezgirligining pasayishi yoki umuman sezmasligi ham sabab bo‘ladi, - dedi F.Haydarova. - Bu qandsiz diabetning nefrotik, ya’ni buyrak ishi buzilishi bilan bog‘liq turi sifatida farqlanadi. Bunda ham kasallikning odatiy belgilari kuzatiladi. Shuningdek, qon quyuklashadi va qonning tomirlar bo‘ylab harakati sekinlashadi.
Qon organizmda muhim oziq moddalar va kislorod tashuvchi asosiy “transport” vazifasini o‘taydi. Qonning tomirlar bo‘ylab harakati susayishi natijasida tez orada bemorning hayotiy muhim a’zolari (miya, yurak, jigar, buyrak, tayanch harakat tizimi) faoliyati izdan chiqadi.
- Qandsiz diabet bolalarda qanday kechadi?
- Bu kasallik bolalarda o‘sishdan orqada qolish, jinsiy va jismoniy rivojlanishning kechikishiga olib kelishi mumkin. Kasallikning tug‘ma va irsiy turi ham mavjud. Kasallanib tug‘ilgan chaqaloqda hayotining dastlabki kunlaridanoq antidiuretik gormon sintezlanmay qoladi, go‘dak ko‘p emishiga qaramasdan ona sutiga to‘ymayotgani seziladi.
Keyinchalik bolaning kasallik ta’sirida vazni hech ortmaydi, ya’ni semirmaydi, terisi doim quruq bo‘ladi.
Qandsiz diabet bilan og‘rigan bemorlarda chanqoqni zudlik bilan qondirishning iloji topilmasa, tez orada markaziy nerv tizimi ishi buzilishi belgilari yuzaga chiqadi: o‘ta ta’sirchanlik, qo‘zg‘aluvchanlik, ruhiy tormozlanish, qizib ketish va komaga tushish holatlari ro‘y beradi.
Kasallikning ilk belgilari paydo bo‘lishi bilanoq darhol endokrinolog shifokorga murojaat etish kerak.
Oilaviy poliklinikada kerakli tahlillar hamda bosh miya tekshiruvlari (kompyuter tomografiyasi) o‘tkaziladi. Tegishli mutaxassislar ko‘rigidan so‘ng boshqa kasalliklar inkor etilganda, kasallikning asl sababi aniqlanadi va to‘g‘ri tashxis belgilanadi. Bemorda qandsiz diabet aniqlansa, zarur muolajalar buyuriladi.