Sana: 14 noyabr – Xalqaro diabetga qarshi kurash kuni
1991 yildan beri insulin moddasi kashfiyotchisi Frederik Banting tavallud topgan sana - 14 noyabr butun dunyoda xalqaro qandli diabetga qarshi kurash kuni sifatida nishonlanadi.
Bu yangi kasallik emas. Qandli diabet haqidagi ma’lumotlar miloddan avvalgi I asrda Sels va Aret kabi yunon shifokorlarining qaydlarida uchraydi.
Ko‘p yillar davomida odamlar bu kasallik bilan qanday kurashishni bilmagan. Qandli diabet tashhisi bemorga nafaqat tuzalib ketishga, balki yashashga ham umid qoldirmas edi. 1922 yilning yanvar oyida kanadalik yosh olim Frederik Banting insulin moddasini in’yeksiya qilib, ushbu kasallikning og‘ir formasi bilan xastalangan 14 yoshli bolaning hayotini saqlab qoladi. Insulin moddasiga patent olish o‘rniga Banting barcha huquqlarni Toronto universitetiga beradi. Keyinchalik barcha huquqlar Kanadaning tibbiyot tadqiqot Kengashiga beriladi va 1922 yil oxirida yangi dori vositasi sotuvga chiqadi.
Garchi qandli diabet kasalligiga chalingan bemor bugungi kunda ham to‘liq davo topmasa-da, insulin moddasi yordamida u nazoratda ushlab turiladi. Bu kashfiyot millionlab insonlarning hayotini asrab qolishga imkon yaratdi.