Samarqandda qandli diabetga qarshi kurash oyligi doirasida seminarlar boshlandi
Har yili noyabr oyida butun dunyo bo‘ylab qandli diabetga qarshi kurash oyligi o‘tkaziladi.
Bu oy davomida kishilarda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, diabet kasalligini erta aniqlash va uning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib boriladi.
14 noyabr — Butunjahon diabet kuni sifatida e’tirof etilgan bo‘lib, bu sana mashhur olim Frederik Banting — insulinni kashf etgan shifokorning tug‘ilgan kuniga bag‘ishlangan.
Dunyo bo‘yicha qandli diabet bilan kasallanganlar soni yil sayin oshib bormoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har 10 nafar katta yoshli kishidan bittasi shu kasallikka duch keladi. Shu bois noyabr oyida, diabet haqida aholining xabardorligini oshirish, sog‘lom ovqatlanish va harakatli turmush tarzini targ‘ib qilish, kasallikni erta aniqlash tadbirlarini o‘tkazish asosiy maqsad qilib olinadi.
Vviloyat hokimligi, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi, Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand viloyat filliali tomonidan ishlab chiqilgan oylik chora-tadbirlar rejasiga asosan 2025 yil 1 noyabr kuni viloyatimizning Bulung‘ur, Ishtixon, Urgut, Payariq, Samarqand tumanlarida “Qonda qand miqdori va tana vazni nazoratining zamonaviy usullari” mavzusida 2-tip qandli diabeti bor bemorlar va birlamchi bo‘g‘inda faoliyat olib borayotgan tibbiyot xodimlari uchun seminarlar tashkil etildi. Bunday tadbirlar noyabr oyining oxirigacha davom etishi ko‘zda tutilgan.