Endi “GRP”lardan voz kechiladi

Bu haqda viloyat Matbuot uyida “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti korxonasi direktori o‘rinbosari Vahob Halimov jurnalistlar va blogerlar uchun tashkil etilgan anjumanda to‘xtaldi.

Dastlab korxona tomonidan 2023 yilda amalga oshirilgan ishlar va joriy yilda rejalashtirilgan vazifalar bo‘yicha ma’lumot berildi. Viloyatda 819,5 mingta tabiiy va suyultirilgan gaz iste’molchilarining 327,8 mingtasi tabiiy gaz bilan, 491,7 ming aholi xonadonlari esa suyultirilgan gaz bilan ta’minlangan.

2023 yilda viloyat bo‘yicha 9,3 kilometr gaz tarmoqlari, 44 ta gaz taqsimlash qutilari mukammal ta’mirlanib, 3,2 km gaz tarmoqlari rekonstruksiya qilingan. 11,8 kilometr yangi gaz tarmog‘ining qurilish-montaj ishlari amalga oshirilgan. Viloyat bo‘yicha 323 668 ta elektron gaz hisoblagich uskunalari o‘rnatilgan.

Jumladan, Paxtachi tumanidagi Qarnab ota hamda Chashma mahallalarida 4,7 kilometr, Mirza Salimiy mahallasida 2,1 kilometr bo‘lgan gaz quvurlari rekonstruksiya qilingan. Samarqand shahridagi Buxoriy mahallasida 1 ta yuqori bosimli gaz taqsimlash punkti o‘rnatilib, 450 metr gaz quvuri rekonstruksiya ishlari amalga oshirilgan. Bulung‘ur tumanida 450 metr gaz quvuri xavfsiz joyga ko‘chirilib, Ishtixonda 500 metr gaz quvuri tortilgan.

-  2024 yilda oldimizda rejalarimiz ko‘p, - deydi V.Halimov. – O‘tgan yildan boshlab “GRP”, ya’ni gaz taqsimlash qutilarini olib tashlab, uylarga elektron gaz hisoblash uskunalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulab beryapmiz. Bunda qabul qilingan gaz aniq hisobga olinmoqda. Shuningdek, ID kartalar bilan suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berishga jiddiy kirishildi. Ayni vaqtda Paxtachi tumani mahallalarida mazkur ID-kartalari yo‘q iste’molchilarga maishiy ballon berilmayapti. Chunki ko‘pchilik aholida  hujjati yo‘q bo‘lgan eski ballonlar aniqlanmoqda. Ular turli yo‘llar bilan muomalaga kirib kelyapti. Bu esa ortiqcha xarajat hisoblanadi. Yaqindan boshlab Samarqand tumanida ham maishiy gaz ballonlarini ID-kartasiz berish to‘xtatildi. Bu ishlar barcha shahar va tumanlarda amalga oshiriladi. Joriy yilda Qo‘shrabot, Kattaqo‘rg‘on tumanlarida gaz quyish stansiyalarini tashkil etishga harakat qilyapmiz.

Joriy yilda barcha tabiiy gaz iste’molchilarining xonadonlariga elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatish ishlarini yakunlanadi.

Dilmurod TO‘XTAYeV.