Bir yarim oy xatar ustida: Samarqand shahridagi xonadonga shuncha vaqtdan beri tarmoqdan gaz sizib kirmoqda

Ancha oldin Kattaqo‘rg‘ondagi gaz chaqnashi haqida xabar bergan edik. O‘shanda uyi oldidan gaz sizib chiqayotgani haqida mutasaddilarga bir yildan beri aytib kelayotgan xonadonlardan biri oxir-oqibat chaqnashdan og‘ir ahvolga tushib qolgan edi. Odamlarning murojaatini tinglamagan mutasaddilar bir necha kishining hayoti xavf ostiga tushib qolishiga sabab bo‘lgan edi.

Bu voqeaga-ku baho berildi keyinchalik. Ammo xuddi shu ssenariy ayni kunlarda Samarqand shahrida takrorlanishi mumkinligi ehtimoli yuqori. Shaharning Masjidi Qo‘ng‘iroqdor mahallasida yashovchi Farrux Akramov tahririyatimizga shu haqda murojaat qildi.

Aytilishicha, F.Akramovning xonadonida 12 apreldan beri atrofdan gaz sizib chiqmoqda. Oilada 7 kishi yashaydi va shuncha kundan beri shu vaziyatda yashab kelmoqda.

- Birinchi marta gaz sizib chiqqan kuniyoq shahar gazta’minot korxonasiga borib murojaat qildim, - deydi u. – Korxona rahbari “Uyingizning gaz tarmog‘i ustida qurmaslik kerak edi”, deya o‘shqirishdan boshladi gapni. Holbuki, mening uyim qurilganiga 70 yildan oshgan. Aksincha, aynan gazta’minot korxonasi tomonidan qoida buzilgan - uyim yaqinidan tarmoq tortilgan. Xullas, gazta’minot idorasi xodimlari kelib holatni o‘rgandi. Devorim orqasidan, 1,5 metr yer ostidan o‘tgan gaz tarmog‘idan gaz sizib chiqayotganini aniqlashdi. Mazkur tarmoq 1960 yilda tortilgan, tabiiyki, allaqachon muddatini o‘tab, avariya holatiga kelib qolgan.

Shahar gaz idorasi xodimlari muammoni hal qila olishmadi. Gaz aynan qayerdan chiqayotganini topisholmadi. Masalani hal etish o‘rniga menga o‘z maslahatlarini berganicha jo‘nab ketishdi: “Ehtiyot bo‘ling, bu yerlarni kovlang, gaz ko‘chaga chiqib ketadi shunda, tez orada kelamiz”, deganicha 22 kun qorasini ko‘rsatishmadi.

Biz shu tariqa 22 kun jon hovuchlab yashadik. Chunki to‘plangan gaz istagan vaqtda portlab ketishi mumkin. 7 kishi hovlining narigi tomonidagi bitta xonada yashab turdik.

Shuncha kun o‘tib ham mutasaddilardan najot bo‘lmagach, F.Akramov viloyat “Hududgaz ta’minot” Samarqand filialiga borib, rahbarlarga murojaat qiladi. Rahbar o‘rinbosari esa va’dani beradi: “Hal qilamiz!”. Biroq viloyat tashkiloti rahbariyati va’dasiga ham bir oy to‘lmoqda.

Vaziyat xavfli, yengil qarab bo‘lmaydi. Shu sabab bu orada xonadon sohibi yordam so‘rab, 18 may kuni viloyat hokimi telegram messenjeriga murojaat yo‘llaydi. Odatda viloyat hokimiga yozilgan murojaatlar qat’iy nazorat ostida bo‘ladi. Ammo viloyat hududgaz bu safar murojaatni hal qilishning boshqacha yo‘lini tanlagan ko‘rinadi:

- Hokimning telegram messenjeriga yozganimdan so‘ng masalam hal bo‘lishiga qat’iy ishondim. Ammo bir necha kun o‘tib, viloyat “Hududgaz ta’minot” filiali boshlig‘i birinchi o‘rinbosari Vahob aka degan odam menga “Arizangizni yopishimiz kerak, qo‘l qo‘yib bering” deganida hayratda qoldim. Axir muammoni hal qilmay turib qanaqasiga arizamni yopishmoqchi? Xullas, hech qanday arizaga qo‘l qo‘ymadim. Ishonamanki, hokimlik arizam taqdiriga yana bir bor qiziqib ko‘radi, - deydi F.Akramov.

Shu tarzda uyidan gaz sizib chiqayotgan fuqaroning muammosi bir yarim oyki muammoligicha turibdi. Gazta’minotdagilar esa hali hamon gaz sizib chiqayotgan joyni topa olgan emas.

Tahririyatdan: Mazkur murojaatni tinglab bizda qator savollar uyg‘onmoqda. O‘zi bu tizimda biror bir avariya sodir bo‘lganda uni bartaraf etish muddati bormi? Qayerdadir gazballon nosoz chiqib qolsa yoki yuqoridagi kabi kimningdir uyi ostiga tarmoqdan gaz sizib kirsa, albatta, biror fojia bo‘lgunicha kutadigan soha mutasaddilariga qonun nima deydi? Nega fuqaro gazta’minot idoralarini xabardor qilgandan keyin ham bir yarim oy o‘tdi? Nega u prokuror va hokim qabuligacha borishi kerak. Holatning jiddiy va xavfli ekanini barcha bilsa-yu gaz sohasi xodimlari bilmasa yoki chuqurroq yondashmasa, demak soha islohotga muhtoj, nazarimizda.

Anvar MUSTAFOQULOV.