10 oyda suyultirilgan gaz iste’molchilari 11 mingtaga ko‘paydi

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali tashabbusi bilan viloyatda aholini tabiiy va suyultirilgan gaz bilan ta’minlash hamda avtomatlashtirilgan tizim (ASKUG)ning joriy etilishi samaralarini o‘rganish maqsadida OAV vakillari va blogerlar uchun press-tur tashkil etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2016 yilda tabiiy gaz iste’molchilari soni viloyatda 255 ming 766 tani tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib ular soni 315 ming 371 taga yetgan. O‘z navbatida iste’molchilarga yetkazib beriladigan tabiiy gaz fondi ham sezilarli oshgan. 2016 yilning o‘n oyida iste’molchilariga yetkazib berilgan tabiiy gaz hajmi 775 million 659 ming metr kubni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilning 10 oyi mobaynida iste’molchilarga jami 1 milliard 260 million 12 ming metr kub tabiiy gaz yetkazib berildi.

Press-tur ishtirokchilari dastlab Oqdaryo gaz taqsimlash stansiyasidan Samarqand shahrining Siyob hududiga tortilgan 11,5 kilometr gaz tarmog‘ini ko‘zdan kechirishdi.

– Yangi tarmoq tortilishi natijasida Siyob hududidagi 20 dan ortiq mahalladagi 15 mingdan ortiq aholi xonadoni hamda hududdagi ijtimoiy soha ob’yektlari, tadbirkorlik sub’yektlarida gaz bosimi yaxshilandi, – deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali qurilish-ta’mirlash bo‘limi boshlig‘i A’zam Boboaliyev. – Ushbu tarmoq Vazirlar Mahkamasining 415-qaroriga asosan Samarqand shahrining Siyob hududidagi aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’yektlari, tadbirkorlik sub’yektlarida tabiiy gaz bosimini yaxshilashga qaratilgan edi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun “Hududgaz” aksiyadorlik jamiyatining 14 milliard so‘mga yaqin mablag‘i sarflandi.

Shuningdek, Samarqand shahridagi Amir Temur va Gagarin ko‘chalari kesishmasidan Firdavsiy ko‘chasiga D-325 millimetrli, uzunligi qariyb 0,5 kilometr tabiiy gaz quvuri tortildi. Ushbu inshoot foydalanishga topshirilishi natijasida, bir necha yillardan buyon kuz-qish mavsumida gaz bosimi pastligidan aziyat chekib kelgan Samarqand shahridagi “Mirzo Ulug‘bek”, “Lolazor”, “Ahmad Yassaviy”, “Maftunkor”, “Dukchiyon”, “Temirqishloq” mahallalaridagi 7 mingdan ortiq aholi xonadonlarida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi. Mazkur loyiha uchun “Hududgazta’minot” AJ tomonidan 300 million so‘mga yaqin mablag‘ ajratildi.

Bundan tashqari, ayni paytda Samarqand shahrining markaziy qismida tabiiy gaz ta’minotini yaxshilash maqsadida 10,5 kilometr, Samarqand turizm markaziga 10 kilometr, shuningdek, Kattaqo‘rg‘on shahrida 6 kilometr tarmoq qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Prezidentimizning tegishli qarori bilan “Urgut” erkin iqtisodiy zonasini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida Toyloq gaz taqsimlash stansiyasidan D-325 mmli 29,5 kilometr yangi gaz tarmog‘i tortilib, ishga tushirildi. Natijada hududdagi 70 dan ortiq tadbirkorlik sub’yektida tabiiy gaz ta’minoti yaxshilandi. Ushbu loyihani amalga oshirish uchun “Hududgazta’minot” AJ tomonidan 25 milliard so‘mga yaqin mablag‘ sarflandi.

Shuningdek, Urgut tumani markazidagi ko‘p qavatli uylar, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha ob’yektlarida tabiiy gaz ta’minotini tiklash maqsadida Urgut tumanidagi gaz taqsimlash kollektoridan D-219 mm.li uzunligi 1,5 km yuqori bosimli gaz quvurlari tortilib foydalanishga topshirildi.
- Komardon mahallasidagi ko‘p qavatli uylardan birida yashaymiz, - deydi A.Qodiriy ko‘chasi 1-uyda istiqomat qiluvchi Rofe Latipov. - Uyimizga 12 yildan buyon tabiiy gaz kelmagan edi. Ayrim xonadonlarda «zangori olov» yondi. Ayni paytda biz ham tabiiy gazni xonadonimizga o‘tkazish uchun tadorigini ko‘ryapmiz.
Bu yaxshi, biroq bitta savol tug‘iladi: biz bo‘lgan barcha uylarda gaz qo‘lbola pechlarda yonayotganini guvohi bo‘ldik. Bu holat insonlar hayoti uchun xavfli emasmi? Tabiiy gazni endigina ko‘rib turgan, uni qanday kuchga ega ekanligini bilmagan yosh bolalarning shu xonadonlarda yolg‘iz qolishi-chi? Aytishlaricha, uylariga gaz yona boshlanganiga bir necha kun bo‘lgan bo‘lsa-da, haligacha tuman gaz ta’minoti korxonasi mutaxassislari tomonidan ko‘zdan kechirilmagan ekan...

Press-tur ishtirokchilari “Urgut” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalarning tabiiy gaz ta’minoti bilan ham tanishdi.

Press-tur ishtirokchilari "Urgut" erkin iqtisodiy zonasidagi Sariqtepa massividagi “YEC Gilam” mas’uliyati cheklangan jamiyatidagi tabiiy gaz ta’minoti bilan tanishib, bevosita ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatishdi.

Press-tur davomida jurnalistlar va blogerlar "Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filiali Urgut gaz to‘ldirish shoxobchasida bo‘lib, aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishishdi.

Berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatda jami 498 ming 397 ta suyultirilgan gaz iste’molchilari ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning 498 mingtasi aholi xonadonlaridagi iste’molchilar, 383 tasi ijtimoiy soha ob’yektlar hisoblanadi.

Shu kungacha viloyatda 565 746 dona maishiy gaz ballonlari orqali “aylanma” tara usulida iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan. Ularning 522 827 donasi filial balansida bo‘lsa, 26 372 donasi iste’molchilarning shaxsiy mulki hisoblanadi. Joriy yilning o‘tgan 10 oyida Samarqandda suyultirilgan gaz iste’molchilari soni qariyb 11 mingtaga ortib, 2021 yilda yangi suyultirilgan gaz iste’molchilariga 10 981 ta maishiy gaz ballonlari tarqatilgan. Joriy yilning 1 noyabrigacha iste’molchilarga 65 532 tonna suyultirilgan gaz mahsulotlari yetkazib berildi.

Joriy yildan “Hududgazta’minot” AJ tomonidan respublika bo‘ylab suyultirilgan gazning hisob-kitobini yuritishda to‘liq avtomatlashtirilgan tizim joriy etilgan bo‘lib, bugungacha viloyatda iste’mol uchun maishiy gaz ballonlarining 565 ming 746 tasiga maxsus shtrix kodli stikerlar o‘rnatilgan. 479 ming 339 ta iste’molchiga ID-kartalar tarqatilgan.

- Viloyatimizning bir oylik suyultirilgan gaz fondi 7000 tonnani tashkil etadi, - deydi "Hududgaz Samarqand" gaz ta’minoti filiali aholiga suyultirilgan gazni sotish va hisobini olib borish xizmati yetakchi muhandisi Akbar Javanov. – Bevosita Urgut gaz to‘ldirish shoxobchasining bir oylik gaz to‘ldirib berish quvvati 700 tonnani tashkil qiladi.

Suyultirilgan gaz ta’minotining ham tabiiy gaz kabi to‘liq avtomatlashtirilishidan maqsad ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasida naqd pul muomalasiga barham berish, turli korrupsion holatlarning oldini olish, aholiga o‘z vaqtida suyultirilgan gazni yetkazib berish hamda maishiy gaz ballonning qaysi iste’molchiga biriktirilganligini onlayn nazorat qilishdan iborat.

Eng muhimi, har bir maishiy gaz ballonga bir xilda suyultirilgan gaz to‘ldiriladi va iste’molchilarning ID-kartalaridan 22 ming 400 so‘mdan ortiq mablag‘ yechib olishning imkoni yo‘q. Ayni paytda viloyatda iste’molchilarga suyultirilgan gaz yetkazib berish davriyligi 40-45 kunni tashkil qilmoqda.

Shuningdek, jurnalistlar Respublika ixtisoslashtirlgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Samarqand filialida ham bo‘lib yangi o‘rnatilgan zamonaviy isitish tizimlari, energiya tejovchi qozonxonalar, tabiiy gaz bilan ta’minlanishi bilan yaqindan tanishdilar.

Dilmurod To‘xtayev.
***
Alisher Isroilov olgan suratlar.