MDH davlatlari olimlari Samarqandda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish masalalarini muhokama qilmoqda

Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universitetida “Veterinariya va chorvachilik sohasidagi muammolarni hal etishda fan va innovatsion texnologiyalarning o‘rni” mavzusida veterinariya va chorvachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan I xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda.

MDH mamlakatlari milliy fanlar akademiyalari ko‘magida ilk bor tashkil etilgan anjumanda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Rossiya va Belarus davlatlaridan yetuk olimlar, akademiklar, professor-o‘qituvchilar hamda soha mutaxassislari ishtirok etmoqda.

Tadbir avvalida ishtirokchilar universitet hududida tashkil etilgan ilmiy ishlanmalar, oziq-ovqat mahsulotlari va milliy hunarmandchilik ko‘rgazmalari bilan tanishdi.

– O‘tgan yil oktyabr oyida universitetimizda o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi veterinariya farmakologlari va toksikologlarining VII xalqaro qurultoyida  chorvachilikni rivojlantirish va antibiotiklarning rezistentlik muammolarining yechimlarini muhokama qilgan edik, – deydi universitet rektori X.Yunusov. – Yig‘ilishda sohadagi dolzarb muammolarga MDH mamlakatlari mutaxassislari hamda fan va innovatsion texnologiyalar yordamida yechimlar ishlab chiqish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan amaliyotchi mutaxassislar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib olingan edi. Shu maqsadda o‘tkazilayotgan bugungi tadbirda ham nafaqat oziq ovqat xavfsizligini ta’minlash, veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish, balki sohadagi ilg‘or tajribalar bilan o‘rtoqlashish hamda yagona salomatlik doirasida odamlarning ham salomatligini asrab-avaylash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Forum doirasida olti mavzuda onlayn va oflayn majlislar, seksiya yig‘ilishlari, ilmiy ma’ruzalar taqdimoti hamda mahorat darslari tashkil etiladi. Shuningdek, ishtirokchi mamlakatlar o‘rtasida hamkorlik memorandumlari imzolash, qo‘shma ilmiy loyihalar bo‘yicha kelishuvlarga erishish ham rejalashtirilgan bo‘lib, bu borada MDX davlatlari o‘rtasidagi ilmiy va amaliy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish kutilmoqda.

Tadbir davomida universitet ochiq maydonida “Naslli qo‘chqorlar ko‘rgazmasi” ham tashkil etiladi. Unda veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tizimidagi tashkilotlar hamda naslchilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari ishtirok etadi. Ko‘rgazma davomida mahalliy va xorijiy zotli qo‘chqorlar namoyish etilib, naslchilikda erishilayotgan yutuqlar va innovatsion yondashuvlar keng jamoatchilikka taqdim qilinadi.