Xavfsizlik organlari va razvedka xizmatlari rahbarlarining majlisi boshlandi

Samarqand shahrida MDHga a’zo davlatlar xavfsizlik organlari va razvedka xizmatlari rahbarlarining 21-majlisi o‘z ishini boshladi.
Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan ushbu tadbirda Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonning xavfsizlik organlari va razvedka xizmatlari rahbarlari ishtirok etmoqda.
Dastlab O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning majlis qatnashchilariga murojaatini Prezident huzuridagi xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudov o‘qib eshittirdi.
Davlatimiz rahbari o‘z murojaatida bugun dunyoda global geosiyosiy vaziyat murakkablashib, an’anaviy chaqiriq va tahdidlar kuchayib, yangilari paydo bo‘layotgan sharoitda Hamdo‘stlik davlatlarining xalqaro va mintaqaviy xavfsizlik masalalari bo‘yicha pozitsiyalarini mustahkamlash har qachongidan ham zarurligini ta’kidlagan.
Tadbirda ishtirokchilar zamonaviy xavf va tahdidlar yuzasidan fikr almashib, MDH davlatlari razvedka xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha galdagi vazifalarni muhokama qiladilar.
Uchrashuv yakunida delegatsiyalar rahbarlari mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha hamkorlikning aniq vazifalari va ustuvor yo‘nalishlarini belgilab olishi ko‘zda tutilgan.