Samarqandlik tadbirkor ayol g‘oliblar safida
Toshkentda an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Anor” milliy ko‘rik-tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan ayollar faoliyatining samaradorligi, professionalligini oshirish, O‘zbekiston zamonaviy tadbirkor ayoli imijini mustahkamlash, ayollar rahbarligidagi korxonalar mahsuloti raqobatbardoshligini, eksport salohiyatini oshirishga ko‘maklashish maqsadida o‘tkazilayotgan bu tanlov yildan-yilga o‘z ko‘lamini kengaytirmoqda.
- “Tadbirkor ayol” xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi hamkor tashkilotlar bilan xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, mahallalarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga qulay biznes muhitini yaratish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlik harakatini keng quloch yoydirish maqsadida an’anaviy “Anor” Milliy ko‘rik tanlovini har ikki yilda bir marotaba o‘tkazib kelmoqda, - deydi assotsiatsiyaning viloyat bo‘limi rahbari Feruza Xonkeldiyeva. - Bu yil uning viloyat bosqichida 100 nafarga yaqin tadbirkor ayollar ishtirok etib, ular orasidan ishlab chiqarish, fermerlik, xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida g‘oliblar tanlab olindi. Xususan, ishlab chiqarish yo‘nalishida “Aziz Amira Gold” MChJ rahbari Aziza Abdug‘aniyeva, fermerlik yo‘nalishida toyloqlik fermer Norxol Rahmatova, xizmat ko‘rsatish sohasida restoran va kafe tarmog‘i rahbari Sabina Ismatullayeva viloyatda g‘oliblikni egallab, respublikada boshqa hudud hamkasblari bilan bellashdilar. Quvonarlisi, respublika tanlovida “Eng yaxshi ishlab chiqaruvchi” nominatsiyasida Samarqand shahrilik tadbirkor Aziza Abdug‘aniyeva birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.