Past Darg‘omda ayol tadbirkor kredit asosida ish boshladi

Samarqand viloyati bo‘yicha banklardan tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolarga 15,408 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i taqdim etilgan. Natijada bugun viloyatda 850 nafarga yaqin fuqaro ish bilan ta’minlandi.

Jumladan, Past Darg‘om tumani Tor ariq mahallasida joylashgan “Sayding qo‘yaver sayyod” mas’uliyati cheklangan jamiyati shu kabi kreditlar asosida ish boshlagan korxonalardan biri sanaladi.

- 2019 yil avgust oyida “Xalq banki” tomonidan korxonamiz faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun 250 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit olib, tikuv mashinalari xarid qildik, - deydi korxona rahbari Nargiza Bobomurodova. - Natijada tikuvchilik va aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchasi qurdik. Ishni joriy yilning sentyabr oyida boshladik. Bugungi kunda 10 nafar fuqaroni doimiy ish bilan ta’minladik. Yaqin kelajakda yana 15 ta yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirganmiz.