«Tadbirkor ayol» daromad topish usullarini o‘rgatmoqda

Oilaviy daromadlarni ko‘paytirish, joylarda kambag‘allikni qisqartirish, tomorqa ekinlaridan daromad qilishlari uchun aholiga turli kredit, ssudalar berish ishlari yo‘lga qo‘yilganiga ancha bo‘ldi.

To‘g‘ri, azaldan dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi xalqmiz. Ammo dehqonchilik ham boshqa sohalar singari qo‘shimcha malaka, bilim talab etadigan soha. Ayniqsa, bugun bir qarich yerdan millionlab daromad topishning imkoni bor paytda hamma ham bu ishning uddasidan chiqayaptimi?

Tomorqasi bor, unda ishlab, ammo uncha ko‘p daromad topolmaydigan xotin-qizlarga qo‘shimcha ko‘nikma berish maqsadida “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Samarqand viloyati hududiy bo‘limi tomonidan “Mahalliy xotin-qizlarni meva-sabzavotchilik sohasida biznes tashkil qilish va yuritish bo‘yicha malaka va tajriba orttirishga o‘rgatish va tayyorlash”  bo‘yicha seminar-treninglar tashkil etilmoqda.

– Joylarda fermer xotin-qizlarning iqtisodiy, huquqiy bilim darajasini oshirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, sohaga qiziqishi bo‘lgan xotin-qizlarga malaka va bilim berish, bu boradagi yangiliklar bilan tanishtirish maqsadida Jahon bankining mamlakatimizdagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat ta’minoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi ko‘magida doimiy treninglar o‘tkazib kelyapmiz, - deydi  deydi «Tadbirkor ayol» O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Samarqand viloyat bo‘limi rahbari Feruza Xonkeldiyeva. - O‘tgan 2019 yilda treninglarda 100 ga yaqin xotin-qizlarimiz ishtirok etib, o‘zining bilimini oshirib malaka va tajribaga ega bo‘ldi. Bu yil ham karantin qoidalariga amal qilgan holda treninglarimizni davom ettirib, xotin-qizlarga qishloq xo‘jaligi sohasidagi yangiliklar, sohadagi mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari, ishlab chiqarishda zamonaviy ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda iqtisodiy samaradorlikka erishish hamda chet el tajribasini ommalashtirish yuzasidan zarur bilim, tavsiya va maslahatlar berilib borilmoqda.

- Men ham uyda o‘tirgan bo‘lsam-da, mazkur seminar-trening darslarida ishtirok etib, o‘zimga kerakli bo‘lgan maslahatlarni oldim, - deydi Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Kattako‘rpa” mahallasida yashovchi Lola Jo‘rayeva. - Seminarda tomorqada issiqxonalar tashkil etish, ulardan samarali foydalanish, issiqxonaga qanday turdagi ekinlar ekish, urug‘likni tanlash, kasalliklarga qarshi kurashish hamda daromad olish kabi bir qancha masallalarda bilimimni oshirdim.

Seminar-treninglarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan xotin-qizlarga maxsus sertifikatlar topshirilmoqda.

O‘z muxbirimiz.