Samarqandlik tadbirkorlarning 30 foizini xotin-qizlar tashkil etadi
Samarqand shahrida tadbirkorlikni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shayotgan ishbilarmon ayollar o‘rtasida «Anor-2019» ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Unda shahar va tumanlarda faoliyat yuritayotgan tadbirkor ayollar ishlab chiqarish, fermerlik, aholiga xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlari bo‘yicha saralandi.
- Viloyatimizda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning 30 foizi, ya’ni 8 mingdan ortig‘i xotin-qizlardan iborat, - deydi «Tadbirkor ayol» O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat bo‘limi rahbari Feruza Xonkeldiyeva. – Tashkilotimiz tomonidan tadbirkor ayollarning kredit olishiga, yangi-yangi loyihalarni amalga oshirishiga, o‘z biznesini rivojlantirishiga Markaziy bank Samarqand viloyati bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda har tomonlama amaliy ko‘mak berilmoqda.
Tanlovning fermerlik yo‘nalishida Narpay tumanidagi «Mehnat-rohat» fermer xo‘jaligi rahbari Zaynab Haydarova, ishlab chiqarish yo‘nalishida urgutlik hunarmand Nargiza Azimova va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida Payariqdagi «Manzurabonu» nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti mudirasi Barno Tuganovalar g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
- 35 yildan buyon qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat yuritaman, - deydi fermer Zaynab Haydarova. – 2001 yilda 100 gektar maydonda fermer xo‘jaligi tashkil etib, paxta, g‘alla va sabzavot mahsulotlari yetishtiryapmiz. Shu bilan birga chorvachilikni ham yo‘lga qo‘ydik. Paxtaning ham gektaridan 40-42 sentner, g‘alladan 70 sentner hosil olyapmiz. Suvni, mineral o‘g‘itni tejash va hosildorlikni ko‘paytirish uchun dalalarni tomchilatib sug‘orishni joriy qilmoqchimiz.
Tadbirda viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova ishtirok etdi.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.