Samarqandlik 6 nafar tadbirkor ayol “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining respublika bosqichda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi
Samarqandda O‘zLiDeP siyosiy Kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi.
Tanlovda loyihaning tuman, shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 40 ga yaqin faol, ishbilarmon, tadbirkor, fermer, hunarmand xotin-qizlar ishtirok etdi.
Tadbirda qatnashchilar tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Nurobodlik xususiy tadbirkor Nargiza Bo‘tayevaning go‘zal soch turmaklari aks etgan fotoalbomlari, qo‘l mehnati bilan yasalgan bejirim taqinchoqlari, shuningdek, non mahsulotlari ishtirokchilar diqqatini tortdi.
- Tadbirkorlik sohasida faoliyat boshlaganimga 15 yil bo‘ldi. Yoshligimdan munchoqlardan turli taqinchoqlar yasashga qiziqqanman. Dastlab go‘zallik va kelin liboslari saloni ochib ish boshladim. Joriy yilda davlatdan 80 million imtiyozli kredit oldik va turmush o‘rtog‘im bilan faoliyatimizni mebel ishlab chiqarish, non mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘nalishlarida kengaytirishga qaror qildik. Kelajakda tadbirkorlik markazi ochishni maqsad qilganman, - dedi Nargiza Bo‘tayeva.
Tanlov natijalariga ko‘ra, Ishtixon tumanidagi oilaviy tikuvchilik korxonasi rahbari Gullola Ravshanova hamda Samarqand shahridagi “Bibixonim” o‘quv markazi direktori Dilfuza G‘afforova 3-o‘ringa munosib deb topildi. Nurobod tumanidagi xususiy tadbirkor Nargiza Bo‘tayeva va Samarqand shahridagi “Xurshida shirinliklari” oilaviy korxonasi rahbari Xurshida Haqberdiyeva 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Toyloq tumanidagi “E’zoza EKO-NUR” korxonasi rahbari Orzigul Bo‘riyeva va Samarqand tumanidagi ”Zulxumor” xususiy korxonasi rahbari Zulxumor Zohidova 1-o‘rin sohibi bo‘ldi. G‘oliblar tanlovning respublika bosqichida ishtirok etadi.
Baxtigul Qarshiyeva,
O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi.