“Shaudar” tozalangach, shahar ekologiyasi yaxshilanadi

Samarqand tumani va shahri hududidan o‘tuvchi «Shaudar» kanalining umumiy uzunligi 21 kilometr. 1947 yilda ishga tushirilgan mazkur ariqda 47 ta gidrotexnik inshootlar qurilgan bo‘lib, uning 13 kilometri Toyloq, 8 kilometri Samarqand tumani hududi orqali o‘tadi. «Shaudar»dan ajralib chiqqan uchta ariq esa Samarqand shahri aholisi hamda sug‘oriladigan hududlarni suv bilan ta’minlaydi. Kanal orqali 5680 gektar yer maydonida joylashgan 78 ta fermer xo‘jaligi dalalari, shuningdek, 50 dan ortiq mahalla aholisining tomorqasi suv ichadi.

Keyingi paytlarda mazkur kanal ancha sayozlashib, tozalanmasdan kelinayotgan edi. Samarqand tumani hokimi tashabbusi bilan hududdan o‘tuvchi kanalning 8 kilometr qismida o‘zanni tozalash ishlari boshlandi. Hasharga tumandagi o‘nlab korxona-tashkilot va mahallalar faollari bilan bir qatorda 20 ga yaqin maxsus texnika jalb qilindi. Mazkur ishlar samarasida kanal o‘zanida to‘planib qolgan loyqa, o‘t-o‘lan va boshqa to‘siqlar bartaraf etilib, suv o‘tkazish qobiliyati yaxshilanadi. Aholi va qishloq xo‘jaligi yerlarini vegetatsiya mavsumida kafolatli suv bilan ta’minlash bo‘yicha choralar amalga oshirilmoqda.

Dilmurod TO‘XTAYeV.