Kanallarni betonlashtirish suvni 30 foizga tejaydi

Global iqlim o‘zgarishi natijasida Markaziy Osiyoda keyingi 50-60 yilda muzliklar maydoni taxminan 30 foizga qisqargan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2050 yilgacha Sirdaryo havzasida suv resursi 5 foizga, Amudaryo havzasida 15 foizgacha kamayishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda 2015 yilgacha bo‘lgan davrda suvning umumiy taqchilligi 3 milliard metr kubdan ortiqni tashkil qilgan bo‘lsa, 2030 yilga borib 7 milliard kub metrni, 2050 yilga borib esa 15 milliard kub metrni tashkil qilishi mumkin. Buning oqibatida O‘zbekiston dunyodagi suv tanqis bo‘lgan 33 ta davlat qatoriga tushib qolish ehtimoli bor. Qor va yomg‘irlarning kam bo‘layotgani, muzliklar va yirik daryolar havzalarida, kichik daryo va soylarda suv miqdorining kamayib borayotgani, transchegaraviy suvdan foydalanish muammolari tufayli respublikada o‘rtacha yillik 51-53 milliard metr kub suv resurslaridan foydalanilmoqda.

Shu bois suvni tejash va oqilona foydalanish bugun har doimgidan ko‘ra dolzarb masalaga aylangan. Xo‘sh, bu borada viloyatda qanday ishlar amalga oshirilmoqda?  Ehtiyojimiz va iste’molimizdagi farq qanchalik o‘syapti? Resursni tejash borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Mahmud Turniyazov bilan shu va boshqa masalalar yuzasidan suhbatlashdik.

– Viloyatimizda ham suvdan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligini suv resurslari bilan barqaror ta’minlash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish ustuvor vazifamizga aylangan, - deydi Mahmud Turniyazov. - Suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish, davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini joriy etish, sohaga oliy ma’lumotli yosh kadrlarni jalb etish kabi bir qator indikator ko‘rsatkichlarni tizimli tashkil etish yuzasidan vazifalar belgilangan.

Bugungi kunda viloyatda 14 ta suv yetkazib berish xizmati davlat muassasasi tashkil etilgan bo‘lib, ular 346,9 ming gektar maydonga ega 8726 iste’molchiga xizmat ko‘rsatadi.

Suvdan oqilona foydalanish va qishloq xo‘jaligini suv resurslari bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha aprel-sentyabr oylarida sug‘orish ishlariga 2 milliard 55 million metr kub yoki jami limitga nisbatan 90 foiz suv yetkazib berildi.

Viloyatda suvdan foydalanish koeffitsiyenti 0,90 ni tashkil etib, 1 gektar maydonga sarflangan suv miqdori o‘rtacha 1200 metr kubni tashkil etadi. Shu bois 2024 yilda suvni tejash, yerlarni lazer tekislash, irrigatsiya, raqamlashtirish, ekinlarni joylashtirishda suv kam talab qiladigan ekinlar ulushini ko‘paytirish hamda ekin maydonlarida qo‘shimcha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish hisobidan 400 million metr kub suv iqtisod qilinishi rejalashtirilgan.

Hozirgacha mavjud resursdan oqilona foydalanishning yagona yo‘li suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish hisoblanadi. Bu borada joriy yilda viloyatimizda 10948 gektarda tomchilatib, (4438 gektar g‘o‘za maydoni) 3033 gektarda yomg‘irlatib, 3235 gektarda pulsar sug‘orish, 8356 gektarda egiluvchan quvur va plyonka to‘shab sug‘orish tizimlari joriy etilgan, 30359 gektar maydonni lazer uskunasi yordamida tekislash ishlari amalga oshirildi.

Suv resurslarini boshqarishni raqamlashtirish yo‘nalishida joriy yilda jami 145 ta suv xo‘jaligi ob’yektlarini raqamlashtirish rejalashtirilgandi. Hozirda 549 ta suv xo‘jaligi ob’yektini raqamlashtirish bo‘yicha pudratchi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzildi, 419 ta «Aqlli suv» qurilmasi, 175 ta «Dayver» qurilmasi to‘liq o‘rnatib bo‘lindi.

- Sohaga davlat-xususiy sheriklik tamoyillarini joriy etish, qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish borasida qanday choralar ko‘rilyapti?

- Davlat rahbari va hukumatning tegishli hujjatlari bilan 2024 yilda suv xo‘jaligi ob’yektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida boshqaruvga berish ishlari  tashkil etilib, xususiy sheriklar aniqlangan va ro‘yxati to‘liq shakllantirilib, loyihalar ishlab chiqilgan. Jumladan, joriy yilda 35 ta ob’yektni davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berish belgilangan. Hozirda bu borada Iqtisodiyot va moliya vazirligining xulosasini olish ishlari amalga oshirilmoqda.

2023 yilda 15 ta nasos stansiyasi davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida boshqaruvga berilgan bo‘lsa-da, qo‘shimcha kelishuv bitimlarini imzolab, elektr energiyasi iste’molini 30 foizga kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Joriy yilda yuqorida ko‘rsatilgan nasos stansiyalarni modernizatsiya qilish uchun xususiy sheriklar tomonidan 2,5 milliard so‘m investitsiya mablag‘i kiritish vazifasi qo‘yilgan va hozirgacha 1,2 milliard so‘m sarmoya o‘zlashtirildi.

- Viloyatda nechta suv xo‘jaligi ob’yekti va ular tasarrufida foydalanishda bo‘lgan qancha ekin maydoni bor? Avvalgi uchrashuvlarimizda ob’yektlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda birmuncha qiyinchiliklar borligi aytilgandi. 

- Boshqarma tasarrufidagi tashkilotlar hisobida 1101 ta suv xo‘jaligi ob’yekti mavjud. Shundan 192 ta kanal, 333 ta kollektor, 93 ta nasos stansiyasi, 453 ta tik sug‘orish qudug‘i, 8 ta sel-suv omborlari hamda suv omborlarining 3 ta kirish-chiqish kanallari, 333 ta kollektor to‘liq davlat ro‘yxatidan o‘tkazib bo‘lindi.

Hozirgacha viloyatdagi 14 ming 286 gektar suv fondi yer maydonidan 6 ming 971 gektar (48,8 foiz) yer maydoni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Mavjud suv fondi yerlarini xatlovdan o‘tkazish ishlari yer tanlash materiallari shartnoma asosida Kadastr agentligi “Aerogeodeziya markazi” viloyat hududlararo bo‘linmasi tomonidan tayyorlandi.

Viloyat bo‘yicha tabiiy ko‘llar, daryolar, soylar va ichki irrigatsiya, melioratsiya ob’yektlari foydalanishidagi suv fondi yer maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazish hamda kadastr pasportlari shakllantirilib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun respublika byudjetidan Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va uning tizimidagi tashkilotlariga 12351 million so‘m mablag‘ ajratilgan. Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi va uning tizimidagi tashkilotlar “Agrogeodeziya markazi” DM o‘rtasida qiymati jami 11 110,4 million so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Shuningdek, daryolar, soylarga Aerogeodeziya bilan shartnoma qilinib, xatlov ishlari yakunlandi. Bu borada viloyat hokimining qarori ham qabul qilindi va 7 ming 315 gektar maydonni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha arizalar berilgan.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 7 noyabr kuni o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida bu yil mamlakatimizdagi suv omborlarida o‘tgan yilgidan ko‘p suv yig‘ilgani, lekin xotirjamlikka berilmaslikni qayd etdi. Dunyoda bir vaqtlar cho‘l bo‘lgan hududlarda yog‘ingarchilik ko‘payib, boshqa joylarda  qurg‘oqchilik kengayib borayotgan sharoitda mamlakatimizda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kanallarni betonlash qanchalar ustuvor vazifa ekanligi yana bir bor isbotlandi. Birgina 550 kilometr kanal va ariqlar betonlangani hisobiga respublikada 200 ming gektarda suv yaxshilandi, yiliga 450 million kub metr suv iqtisod bo‘lyapti.

Suv boshqaruvi isloh qilinib, tuman darajasida suvni hisobga olish tizimi shakllandi, fermerlar suvni hisob-kitob qilishni o‘rgandi. 2024 yil kuz va 2025 yil bahorda, ya’ni sug‘orish mavsumi bo‘lmagan pallada kanallarni tozalash, inshoot va postlarni ta’mirlash ishlari reja-jadvallari ishlab chiqildi.

Tumanlar «Suv yetkazib berish xizmati» davlat muassasasi balansidagi 420 kilometr ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish bo‘yicha reja ishlab chiqilgan va hozirgacha 50 kilometrga yaqin tarmoq betonlashtirildi. Shuningdek, klaster va fermer xo‘jaliklari hisobidagi 2100 kilometr xo‘jalik ichki sug‘orish tarmoqlarini betonlashtirish rejalashtirilib, hozirgacha 650 kilometrga yaqin tarmoq betonlashtirildi.

Suv dalagacha to‘liq yetib borishida ariq-kanallardagi yo‘qotishning oldini olish muhim hisoblanadi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori asosida joriy yilda viloyatdagi 26,2 kilometr uzunlikdagi 7 ta kanalni betonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Bu ishlar yakuni bilan yo‘qotilish hajmi 30 foizga qisqaradi.   

– Elektr energiyasi tannarxi oshishi suv yetkazib berish xarajatlariga qanchalik ta’sir ko‘rsatdi?

- To‘g‘ri, elektr energiyasining narxi oshishi qo‘shimcha xarajatlarni keltirib chiqaradi. Buning uchun viloyatdagi suv xo‘jaligi ob’yektlarida muqobil energiyani joriy etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Hozirgacha 18 ta bino-inshootda quyosh panellari o‘rnatildi va bu davom etmoqda. Bu ob’yektlarni to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlay olmasa-da, xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi.

O‘ktam Xudoyberdiyev suhbatlashdi.