Ariqni ifloslantirgan va yer maydonini noqonuniy ravishda shudgor qilayotgan shaxslar jarimaga tortildi

Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat bo‘yicha inspeksiya tomonidan tuman hududida olib borilgan reyd kuzatuvlari davomida Uchtepa mahallasida yashovchi fuqaro X.I. o‘z xonadonida hosil bo‘lgan chiqindi suvlarini mahalla hududidan oqib o‘tuvchi ariq suviga oqizib, suvni ifloslantirganligi aniqlandi.

Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 72-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 669.000 so‘m miqdorida jarima belgilandi.

Shuningdek, bugun Oqdaryo tumani Yangikent mahallasi, Xoldor qishlog‘idan oqib o‘tuvchi "Qoradaryo" daryosining o‘ng qirg‘og‘ining muhofaza zonasida fuqaro T.S. ekin qilish maqsadida 0,25 gektar yer maydonini noqonuniy ravishda buzib, shudgor qilayotganligi aniqlandi.

Fuqaroga holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 82-moddasi 2-qismiga asosan 2.230.000 so‘m jarima belgilandi.

Bu haqda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xabar berdi.