Chiqindilar bilan ishlash: bu borada yangi boshqarma nima ish qilyapti?

2023 yil 31 maydagi Prezident farmoniga ko‘ra, «Toza hudud» davlat unitar korxonalari va obodonlashtirish boshqarmalariga tegishli qattiq maishiy chiqindi poligonlari yangidan tashkil etilgan «Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi» davlat muassasalariga o‘tkazilgan.

Bu borada davlat nazorati olib borilib, hokimlik va mahallalar bilan hamkorlikda maishiy chiqindilarni yig‘ish, tashish, utilizatsiya qilish, qayta ishlash va ko‘mish borasida ta’sirchan tizim yaratilmoqda.

Ta’kidlash o‘rinliki, bu yumush «Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yili» Davlat dasturida ham belgilangan. Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari sifatini yaxshilash borasida qator vazifalar qayd etilib, chiqindi poligonlarini 20 foizga qisqartirish ham ko‘zda tutilgan.

Bugungi kunda chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi Samarqand viloyat hududiy boshqarmasiga qarashli 15 ta maishiy, Bulung‘ur va Qo‘shrabot tumanlarida qurilish, Nurobod tumanining Sazag‘on mahallasi hududida esa zaharli va toksik moddalar chiqindilari poligoni faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.

- Shu kungacha viloyatdagi chiqindi tashish bilan shug‘ullanuvchi 50 dan ortiq korxona va tashkilot bilan o‘zaro shartnoma imzolaganmiz, - deydi chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi viloyat hududiy boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Sherzod Egammurodov. – Ular tomonidan poligonlarga kuniga 1,5 ming tonnadan ziyod  maishiy va qurilish chiqindilari keltirilmoqda. Ayni vaqtda Jomboy va Ishtixon tumanlaridagi chiqindi poligonlarida rekultivatsiya ishlari yakuniga yetkazildi. Maydonlar to‘lib qolganligi sababli ular o‘z faoliyatini to‘xtatdi. Jomboy tumanida yig‘ilgan chiqindilar esa hozircha Bulung‘urdagi poligonga tashib borilmoqda. 

“Maroqand obod” DUK Samarqand shahri va tumanidan,  “Toza hudud” DUK, “Anvarjon biznes“ MChJ Kattaqo‘rg‘on va Narpay tumanlaridan, “Mansurbek servis” MChJ, Paxtachi tumani, “Gold Marjonabegim" MChJ Nurobod tumanidan, “Kattaqo‘rg‘on obod servis” MChJ Kattaqo‘rg‘on shahrida to‘plangan chiqindilarni tegishli poligonlarga tashib kelsa, qolgan tumanlarda faoliyat ko‘rsatayotgan “Toza hudud” DUK filiallari aholiga chiqindi tashish xizmatini ko‘rsatmoqda.

Biroq birorta poligonda chiqindilarni saralash ishlari yo‘lga qo‘yilmagan. Faqatgina “Anvarjon biznes“ MChJ va “Mansurbek servis” MChJ tomonidan temir, qog‘oz, plastmassa, shisha kabi mahsulotlarni saralab qayta ishlash tashkil etilgan, xolos. 

Chiqindi poligonimiz 2,4 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, ayni vaqtda to‘lib qolganligi sababli o‘z faoliyatini to‘xtatdi, - deydi Ishtixon tumani chiqindi poligoni boshlig‘i Zopir Murodov. – Ko‘p yillardan buyon chiqindilarni saralash ishlari olib borilmasdan, yerga ko‘mib yuborilavergan. Tumanning Bo‘ston mahallasi hududidagi tashlandiq maydonda yangi poligon tashkil etish ishlarini olib boryapmiz.

– O‘tgan yili 300 million tonnaga yaqin qattiq maishiy chiqindilar chiqindi poligonlariga joylashtirildi, – deydi Sherzod Egammurodov. – Xususan, 15 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni tartibga keltirildi. Bundan tashqari, 2 ta qattiq maishiy chiqindi poligoni rekultivatsiya qilinib, faoliyati to‘xtatildi. Direksiya balansidagi 30 ta maxsus texnika yordamida chiqindi poligonlari doimiy ravishda tartibga keltirilmoqda.

Viloyatda chiqindi poligonlarini tartibga keltirib, qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash borasida amaliy harakatlar davom etmoqda. Xususan, Xitoy Xalq Respublikasining «Shanghai SUS Environment» kompaniyasi loyihasiga ko‘ra, 2025-2026 yillarda viloyatimizda maishiy chiqindilarni termik usulda utilizatsiya qilib, elektr energiyasi va turli mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisos­lashgan zavod quriladi. Umumiy qiymati 155 million dollarni tashkil qiladigan loyihaning amalga oshirilishi natijasida 6 gektar maydonda barpo etilgan zavodda yiliga 500 ming tonnadan ziyod chiqindi yoqilib, uning atrof-muhitga ta’siri kamaytiriladi va 240 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Chiqindi poligonlari 50 foizga qisqaradi, 15 ming xonadon elektr energiyasi bilan ta’minlanadi, shuningdek, 150 ta qo‘shimcha ish o‘rni yaratiladi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sohada yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishi mamlakatimizda chiqindilarni boshqarish sohasida sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish hisobiga ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, sanitar holatni yaxshilash, aholiga xavfli kasallik­lar yuqishini kamaytirishga hissa qo‘shadi. Qolaversa, chiqindilarning qayta ishlanishi tabiiy resurslarni tejash, muqobil energiya, xomashyo va organik o‘g‘it olinishi, mavjud chiqindi poligonlari hududida ekosanoat zonalari tashkil etilishiga xizmat qiladi.

Viloyatda ayrim chiqindi poligonlarining atrofi to‘liq o‘rab olinmagan. Chiqindilarning utilizatsiya qilish ishlari talab darajasida emas. Hozircha faqat Kattaqo‘rg‘on shahri, Ishtixon, Bulung‘ur va Urgut tumanlarida avtotarozi va kuzatuv kameralari o‘rnatilgan, xolos.

Yangi tashkil etilgan chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi viloyat hududiy boshqarmasi oldida katta vazifalar turibdi. Jumladan, chiqindilarni turiga qarab ajratib yig‘ish, ko‘cha va maydonlarda chiqindilar uchun maxsus konteynerlar o‘rnatish, aholi orasida chiqindilarni ajratish va qayta ishlash madaniyatini shakllantirish borasida ko‘p ishlar qilish lozim. Zero, sohani rivojlantirish atrof-muhitni muhofaza qilish, iqtisodiy samaradorlik va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Dilmurod To‘xtayev.