Samarqandda chiqindini qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi korxonalar soni 24 taga yetdi

Viloyat ekologiya boshqarmasiga ko‘ra, Samarqandda har bir kishiga bir oyda 24,4 kg. qattiq va maishiy chiqindi to‘g‘ri keladi. Ya’ni, 4 kishi yashaydigan bitta xonadondan oyiga 100 kg. chiqindi chiqariladi.

Viloyat miqyosida bir kunda (korxona tashkilotlar hisobiga) 1381 tonna turli xildagi chiqindilar 16 ta chiqindi poligonlariga joylashtiriladi.

Birgina Samarqand shahri va tumanining o‘zi bir kunda 750 tonna maishiy va qattiq hamda qurilish chiqindilarini poligonlarga joylashtirib boradi.

2024 yilda Samarqand viloyatidagi mavjud 16 ta chiqindi poligonlariga 604 ming 200 tonna maishiy, qattiq hamda qurilish chiqindilari joylashtirilgan.

Shu bilan birga, viloyatda 24 ta chiqindilarni qayta ishlash korxonalari va yuzdan ortiq ikkilamchi mahsulotlarni to‘plash va presslash tadbirkorlik sub’yektlari mavjud.

Bugungi kunda Samarqandda 15 turdan ortiq ikkilamchi mahsulotlar ishlab chiqariladi va aholi kundalik turmushida foydalanib kelmoqda.