Shahar hokimligi “Chashma” arig‘i atrofidagi xarob holat nazoratga olinganini aytmoqda

Zarnews’da viloyat kengashi deputatining Samarqand shahri "Fidokorlar" mahallasidagi chiqindilar bilan bog‘liq ma’lumoti e’lon qilingan edi.

Deputat o‘z so‘zida hududdagi antisanitar holatga e’tibor qaratarkan viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi hamda Samarqand shahar davlat sanitariya-epidemiologiya va osoyishtalik markazi bo‘limi oldiga savollar qo‘ygan 

Holat yuzasidan Samarqand shahar hokimligi munosabat bildirdi.

"Muammo shahar hokimligi tomonidan tezda nazoratga olinib, Samarqand shahar obodonlashtirish boshqarmasi hamda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi mas’ullari tomonidan o‘rganildi. Shu kunning o‘zida atrof to‘planib qolgan chiqindilardan tozalandi. Shuningdek, hududda istiqomat qiluvchi fuqarolar bilan ham tushuntirish ishlari olib borildi."

Munosabatda shahar hokimligi muammoga aholi ham aybdorligini bildirgan. Qayd etilishicha, "bundan oldin ham ushbu hududda yashovchi aholi bilan bir necha bor tushuntirish ishlari olib borilgan va chiqindi tashish mashinasi orqali chiqindilar olib ketilgan. Biroq fuqarolar tomonidan amalga oshirilayotgan bu kabi xunuk holatlar tez-tez takrorlanib turibdi".

Hokimlik saytida e’lon qilingan munosabatda fuqarolardan xonadonlaridan chiqayotgan chiqindilarni duch kelgan joyga tashlamasdan maxsus mashinalar va qutilariga tashlashliklari so‘ralgan.