Samarqand shahridagi ariq va zovurlar atrofi tozalanmoqda

Navro‘z umumxalq bayrami oldidan hashar uyushtirish o‘zbek xalqining oliyjanob fazilatlaridan biri. Yaqinlashib kelayotgan ushbu ulug‘ ayyom oldidan viloyat hokimi hashar bilan bog‘liq yana bir muhim tashabbus - Toyloq, Samarqand tumanlari va Samarqand shahridan oqib o‘tuvchi Obirahmat, Siyob kanallarini har xil chiqindilardan tozalash, ariq-zovurlarni ozoda saqlash taklifini bildirdi.

Bu tashabbus viloyat va shahar tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va shahrimiz obodligiga befarq bo‘lmagan fidoyilar kanallarni tozalash ishlariga kirishdi.

Viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi jamoasi ham Obirahmat kanalining to‘rt chaqirimli qismida tozalash va obodonlashtirish ishlarini olib bormoqda. Ushbu kanal oqib o‘tadigan Galaosiyo, Rasadxona, Qircha, Xo‘ja Doniyor, Obirahmat, Bog‘i maydon, Geologlar, Qo‘rg‘oncha mahallalari faollari ham bu xayrli ishda ko‘makdosh bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, SEOM mutaxassislari mahallalar aholisi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, oziq-ovqatlarni saqlash va ulardan to‘g‘ri foydalanish, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilishni targ‘ib qilish maqsadida uyma-uy kirib tushuntirish ishlari olib bormoqda.

Yuqumli kasalliklarning oldini olish uchun nimalarga amal qilish kerakligi aks etgan varaqalar tarqatilmoqda. Mahalla hududini ozoda tutush, ariq va zovurlarni toza saqlash kerakligi tushuntirilmoqda.