Kattaqo‘rg‘on shahridagi Amir Temur ko‘chasi suv va kanalizatsiya tarmog‘ini yangilash uchun kovlangan
Bu yerda 7 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari amalga oshiriladi
Ijtimoiy tarmoq orqali foydalanuvchi Said Saidov 21 avgust kuni “Kattaqo‘rg‘on shahar Amir Temur ko‘chasida katta qurilish ishlari boshlangandi, 2-3 kilometr joy juda ayanchli kovlanib tashlandi.
Bungayam 1 oy bo‘ldi, lekin nimaga hozirda qurilish to‘xtadi?", degan mazmunda post qoldirgan.
Mazkur masala yuzasidan viloyat hokimligining tegishli mutaxassislari quyidagicha javob berishdi:
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.Ramatov raisligida 2020 yil 5 may kuni Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan qurilish-bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlarini jadallashtirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilish bayonining 6-bandiga muvofiq, Kattaqo‘rg‘on shahar markazida yashovchi aholini doimiy ichimlik suvi bilan taminlash va sifatli kanalizatsiya xizmatini tashkil qilish maqsadida Amir Temur ko‘chasidagi xizmat muddati tugab, yaroqsiz holatga kelib qolgan ichimlik suvi va kanalizatsiya tizimlarini joriy yilda yangidan qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha topshiriq berilgan.
Topshiriq ijrosini taminlash maqsadida loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan va ijobiy ekspertiza xulosasi olingan. Shu asosda tender savdolari o‘tkazilgan. Tender savdolari natijalariga ko‘ra, “Trans neft montaj stroy” MChJ shartnoma narxi (QQS bilan) 7 000 577 566 so‘mlik so‘mlik qurilish-montaj ishlarini to‘lig‘icha qurib topshirish shartlari bilan g‘olib, deb topilgan.
“Trans neft montaj stroy” MChJ tomonidan qurilish-montaj ishlari tasdiqlangan loyiha asosida olib borilmoqda. Ob’yekt belgilangan muddatda foydalanishga topshiriladi.
Shu o‘rinda eslatib o‘tish lozim, ushbu ob’yekt yildan-yilga o‘tuvchi hisoblanadi, ya’ni belgilangan ishlar 2021 yilda ham davom ettiriladi.