Kattaqo‘rg‘onda madaniyat va madaniy meros sohasidagi muammolar qachon hal etiladi?
Viloyatdagi 80 ta madaniyat markazidan 62 tasi o‘z binosiga ega bo‘lsa, 18 tasida bino yo‘q, hududlardagi aksariyat madaniyat markazlari ta’mirtalab, moddiy texnik bazalari yaxshi emas, sohada kadrlar bilan bog‘liq muammolar bor.
Kattaqo‘rg‘on tumani madaniyat bo‘limi faoliyati bilan tanishib, bunga amin bo‘ldik.
Tumandagi 5 ta madaniyat markazida 69 ta to‘garak tashkil etilgan va ularda 58 nafar xodim 600 nafardan ziyod havaskorga musiqa va san’at sirlarini o‘rgatib kelmoqda.
- 20 yildan buyon madaniyat tizimida ishlayman, - deydi Kattaqo‘rg‘on tuman madaniyat bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Ilhom Fayziyev. – Rosti, keyingi paytda sohaga e’tibor oshdi, lekin uzoq yillardan buyon tizimda hal etilmayotgan muammolar bor. Jumladan, bo‘lim tasarrufidagi 27-madaniyat markazi binosi avariya holatida, 28, 29-madaniyat markazlari o‘z binosiga ega emas. Xodimlarning maoshi kam, madaniyat markazlaring moddiy-texnik bazasi achinarli holatda. Masalan, ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari o‘tkazishda madaniyat bo‘limlariga ovoz kuchaytirish moslamalari, media-apparatlar, dekoratsiyalar uchun ko‘rgazmasi vositalari kerak bo‘lsa, madaniyat xodimlariga bunday tadbirlarga jalb qilingani uchun haq to‘lanishi kerak. Afsuski, tizimda mutlaqo buning aksi. Ushbu muammolar sabab ko‘pchilik xodimlar ishdan ketmoqda yoki mustaqil faoliyat yurityapti. Shu bois hozir sohada mehnat qilayotgan xodimlarning bor-yo‘g‘i 12 nafari oliy ma’lumotli bo‘lsa, 7 nafari tugallanmagan oliy va 39 nafari maktab va kollej bitiruvchilari.
O‘lkashunoslik muzeyi hech kimga kerak emasmi?
Kattaqo‘rg‘onda 50 dan ziyod arxitektura va arxeologiya ob’yekti bo‘lib, shundan 16 tasining holati qoniqarli, 30 tasi qoniqarsiz, 4 tasi esa avariya holatida.
1791 yilda bunyod yetilgan Payshanba shaharchasidagi Muhammad Amiri Naqibbek madrasasi omborxonaga aylantirilib, qariyb bir asrdan beri qarovsiz qoldirilgan edi. 1928 yilgacha madrasa sifatida faoliyat ko‘rsatib kelgan ushbu tarixiy obidada ta’mirlash ishlari olib borilib, o‘lkashunoslik muzeyiga aylantirilgan. Davlat muhofazasiga olingan mazkur muzeyning hozirgi holati qoniqarli, lekin faoliyat ko‘rsatmaydi.
Madrasa hovlisiga peshtoqli darvozadan kirib boriladi, hovlida baland ayvon, masjid va 16 ta xona mavjud, - deydi Ilhom Fayziyev. – 2015 yildan buyon ushbu tarixiy obidani saqlab qolish, ta’mirlash va kelajak avlodga yetkazish uchun harakat qilyapmiz. Tumanimizda yashovchi bir guruh ziyolilar, mehnat faxriylari madrasa binosini asrab qolish maqsadida ma’naviyat va ma’rifat markaziga aylantirish tashabbusi bilan chiqqan edik. Bu taklif viloyat hokimligi tomonidan ma’qullandi. Madrasa negizida tarixiy o‘lkashunoslik muzeyi tashkil etish bo‘yicha qaror qabul qilindi. 2019 yilda mahalliy byudjet hisobidan 500 million so‘m mablag‘ ajratildi. Majmuada ta’mirlash ishlari amalga oshirilib, zarur jihozlar va tarixiy ashyolar keltirildi, qadimiylik va zamonaviylik uyg‘unligida bezatilib, 2022 yil yakunida foydalanishga topshirildi. Ayni paytda muzeyda qariyb 3,5 mingta eksponat saqlanadi. Afsuski, muzeyda ushbu tarixiy ashyolarni asrab-avaylaydigan, kelajak avlodga o‘z holicha yetkazadigan hech kim yo‘q, ya’ni shtat birligi ajratilmagan. Bu borada tegishli tashkilotlarga bir necha marta murojaat qildik, biroq foydasi bo‘lmadi. Nahotki, o‘tmishimiz, o‘zligimiz aks etgan dargoh, ota-bobolarimizdan meros muqaddas qadamjo hech kimga kerak emas.
Tarixsiz kelajak bo‘lmasa, madaniyatsiz jamiyat rivojlanmaydi. Yurtimiz tarixi va buguniga befarq bo‘lmagan holda tuman hokimligi, viloyat madaniyat va madaniy meros boshqarmalari mas’ullari sohadagi muammolarga e’tibor qiladi, degan umiddamiz.
Fazliddin RO‘ZIBOYeV.