Suv toshgan aksariyat kanalizatsiya quduqlaridan yuzlab bolalar tagligi (“pampers”) va yelim idishlar tozalab olingan
Kechagi kuchli yomg‘irdan so‘ng yuz bergan suv toshqinlaridan so‘ng “Samarqand suv ta’minoti” MChJ aholiga murojaat bilan chiqdi. Ma’lum qilinishicha, yomg‘irlar davomida avariya-dispetcherlik guruhlari tomonidan toshqin bo‘lgan hududlarda kanalizatsiya quduqlaridan juda ko‘p miqdorda ishlatilgan bolalar tagligi, shampun va suv yelim idishlari chiqarib olishgan va shundan so‘ng kanalizatsiya tarmog‘i yana ishlay boshlagan.
“Hurmatli shahrimiz fuqarolari! “Samarqand suv ta’minoti” MChJ siz, oqova suv xizmati foydalanuvchilaridan shuni iltimos qilamiz:
Avvalo, xonadoningizga ulangan oqova suv tarmoqlaridan samarali va uzoq muddat muammosiz foydalanmoqchi bo‘lsangiz, tizimda nosozlik keltirib chiqarmang. Hozirgi kunda kanalizatsiya bilan bog‘liq avariya holatlarining 90 foizi tarmoqda qor-yomg‘ir suvlarining ulanishi, bolalar tagliklari (pampers) va turli chiqindilarning oqova quduqlariga tashlanishi oqibatida kelib chiqmoqda.
Bunday holatlar bilan nafaqat o‘zimiz foydalanayotgan tarmoqqa, balki oqova suvlarini zararsizlantirish jarayonida olib boriladigan ishlarga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda”, deyiladi “Samarqand suv ta’minoti” MChJ axborot xizmati xabarida.
P/S: Albatta, kuchli yomg‘irlardan so‘ng suv toshqinlarini keltirib chiqaradigan ko‘plab sabablar bor: muhandislik kommunikatsiya tarmoqlari yo‘q yoki eskirgani, mavjud ariqlarning ko‘mib yuborilgani va torligi kabi. Ammo suratlardan ko‘rinib turibdiki, aksariyat holatlarda kanalizatsiyaga tashlab yuborilgan chiqindilar ham oxir-oqibat suv to‘planib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Mutaxassislar kanalizatsiyaga tashlangan bir dona bolalar tagligi ham oqova tizimiga millionlab zarar yetkazishi mumkinligini ta’kidlamoqda.