Pokistonning uchdan bir qismi suv ostida. Shoshilinch yordam so‘ralmoqda

Pokiston atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri mamlakat hududining uchdan bir qismi suv ostida qolgani haqida bayonot berdi. Bir necha oydan beri davom etayotgan yomg‘irlar katta hududlarni suv bosishi va ko‘plab sel oqimlariga olib keldi.

BMT va Pokiston hukumati tabiiy ofatlar tufayli jahon hamjamiyatidan mamlakatga 160 million dollar yordam so‘ramoqda. Mavsum boshidan buyon qurbonlar 1000 kishidan ortdi, 33 milliondan ortiq aholiga zarar yetgan.

Shuningdek, millionlab uy va minglab kilometr yo‘llar vayron bo‘lgan, qishloq xo‘jaligi va chorvachilikka ulkan zarar yetkazilgan. Hukumat global isish bilan bog‘lanayotgan ushbu toshqinlarni Pokiston tarixidagi eng yomoni deb atamoqda.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish kelasi hafta Pokistonga tashrif buyurib, mamlakatning yordam dasturlarini qo‘llab-quvvatlash niyatida. Bosh vazir Shahboz Sharif agar Islomobod kerakli mablag‘ni olmasa, oqibati Pokiston xalqi uchun halokatli bo‘lishini aytdi.

Rasmiylar tabiiy ofatdan yetkazilgan zararni 10 milliard dollarga baholamoqda va bu faqat dastlabki hisoblar.