Pokiston Afg‘oniston hukumatiga «urush» e’lon qildi

Kecha kechqurun Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara hududlarida keng ko‘lamli to‘qnashuvlar boshlandi. Bu haqda TOLO News manbalarga tayanib xabar berdi. Qayd etilishicha, janglar Afg‘onistonning Nangarhor, Nuriston, Kunar, Xost, Paktiya va Paktika viloyatlarida sodir bo‘lgan. Har ikki tomon artilleriya va o‘qotar qurollardan foydalangan.

Keyinchalik vaziyat yanada keskinlashgan. Geo News ma’lumotiga ko‘ra, Pokiston harbiy-havo kuchlari Nangarhor viloyatidagi nishonlarga avia zarba bergan. OAV Pokiston aviatsiyasi Qobul, Qandahor va Paktiyadagi ayrim harbiy ob’yektlarga ham zarba yo‘llaganini xabar qildi.

Chegaradagi janglar davomida Pokiston qurolli kuchlari Afg‘oniston tomonining 30 dan ortiq harbiy texnikasini yo‘q qilgani aytilmoqda. Shu bilan birga, Qobul shahrida qator portlashlar sodir bo‘lgani haqida xabarlar tarqaldi.

Pokiston rasmiylarining bayonotiga ko‘ra, to‘qnashuvlar oqibatida Pokiston tomoni 228 nafar afg‘on jangchisi halok bo‘lgani va 314 nafari yaralanganini ma’lum qildi. Pokiston tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, «Tolibon»ga tegishli 74 ta harbiy post yo‘q qilingan, yana 18 tasi nazoratga olingan. Afg‘oniston tomoni hozircha rasmiy bayonot bilan chiqmagan.

Keyinroq Pokiston mudofaa vazirligi Afg‘oniston bilan urush boshlanishi haqida rasman ogohlantirdi. Hozircha xalqaro hamjamiyat tomonidan rasmiy munosabat bildirilmagan. Ammo kuzatuvchilar vaziyat mintaqaviy xavfsizlikka jiddiy tahdid solishi mumkinligini ta’kidlamoqda.