Past Darg‘omda suvga muntazam ravishda qon va ichak-chavoq oqizgan shaxs kim ekani aniqlandi

Xabaringiz bor, kecha Past Darg‘om tumani Sanchiqul mahallasi fuqarolari murojaati e’lon qilingan edi.

Unda, mahalladan oqib o‘tuvchi ariqqa fuqarolar muntazam ravishda o‘lgan yoxud so‘yilgan chorva mollarining ichak-chavoqlari va qoni oqizilishini bayon etgan edi.

Samarqand viloyati Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi ushbu murojaatni joyiga chiqib o‘rgandi.

Ma’lum qilinishicha, Past Darg‘om tumani Sanchiqul mahallasida yashovchi fuqaro D.Yu o‘z xonadonida noqonuniy ravishda kushxona ochganligi aniqlangan.

Mazkur holat 2021 yil 5 noyabr kuni tuman Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha nazorat inspeksiyasi hamda mutassaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida atroflicha o‘rganilib, fuqaro D.Yuga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining "Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks"ning tegishli moddalariga binoan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Shuningdek, noqonuniy faoliyatga esa chek qo‘yilib, fuqaroga bu kabi holat takrorlanmasligi yuzasidan ogohlantirish berilgan.