Samarqandda ariqqa chiqindi tashlayotgan fuqarolar jarimaga tortildi

Samarqand shahridagi "Obi-mashad" kollektorini tozalash jarayoni davom ettirilmoqda.

Bugun 3 aprel kuni shahar hokimining o‘rinbosari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda viloyat “Toza hudud” DUK mutasaddilari tomonidan "Obi-mashad" kollektori atrofini chiqindilardan tozalash ishlari o‘rganilayotgan paytda Kaftarxona mahallasi hududidan o‘tuvchi kanal qirg‘oqiga noqonuniy ravishda chiqindi to‘kayotgan, Bobur R. boshqaruvidagi 30 N 610 KA davlat raqamli “Zil” yuk avtomobili to‘xtatildi. Mahalla profilaktika inspektori ushbu haydovchiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga binoan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.

Shuningdek, mahallada yashaydigan fuqarolar Aziz H. va Rustam F.lar xonadonida boqayotgan chorva mollari axlatini kanal qirg‘og‘iga chiqarib, hudud ekologiyasiga zarar yetkazgani uchun ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish shahar inspeksiyasi xodimlari tomonidan jarimaga tortildi.

“Samarqand shahridagi ariq va kanallarni ozoda saqlash shu hududda yashayotgan aholining ekologik madaniyatiga bog‘liq. Agar har bitta xonadon sohibi o‘z atrofi obodonchiligi uchun mas’ullikni his etmas ekan, ekologik muhit barqarorligi ta’minlanmaydi”, deyiladi Samarqand shahar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i B.Nasriyev bergan xabarda.