“Eng toza mahalla”ga elektromobil: munosabatni o‘zgartiradigan chora va mexanizmlardan xabardormisiz?
Bunga asos bo‘luvchi Prezident farmoni bilan tanisharkansiz, asosiy maqsad aholining maishiy chiqindilar bilan bog‘liq xizmatlar sifatidan to‘liq qonishini ta’minlash ekanligiga guvoh bo‘lasiz.
To‘g‘ri, asosiy o‘zgarishlar yilning ikkinchi choragi - 1 apreldan amalga oshiriladi. Ammo ijobiy kutilmalarga umid beruvchi yangiliklar ko‘p. Asosiysi, tizim ham barqaror ishlashi, xizmat sifatli ko‘rsatilishi choralari ko‘rilmoqda.
Endi “Toza hudud” DUK bo‘lmaydi
Joriy yil 31 dekabrga qadar ushbu korxona faoliyat olib borayotgan hududlar davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida sanitar tozalash korxonalariga beriladi.
Ularda chiqindilarni saralash va qayta ishlash texnologiyalari mavjud bo‘lishi shart. Kamida 20 ta maxsus texnikalari bo‘lgan korxonalarga tanlovda ustuvorlik beriladi.
Barcha sanitar tozalash korxonalari Yagona elektron tizim orqali xizmat ko‘rsatadi. Tizimga ulanmagan korxonalar bilan shartnoma bekor qilinadi va ular xizmat ko‘rsatadigan hududlar davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa korxonaga beriladi.
Bundan tashqari, chiqindi xizmatlari uchun to‘lovlarni qabul qilish hamda abonentlar hisobini yuritish faqatgina Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi billing tizimi, elektron to‘lov tizimlari yoki tijorat banklarining to‘lov qabul qilish kassalari orqali amalga oshiriladi.
Chiqindi xizmatlari uchun oylik to‘lovlardan qarzdorligi bo‘lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib boriladi.
Elektr uchun to‘lov qanday cheklanadi?
Qarzdorlik bo‘yicha ogohlantirilgandan keyin to‘lov qilmagan shaxslarning elektr uchun to‘lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Dastlab joriy yil 1 iyundan 6 oylik qarzdorlik uchun viloyat markazlarida bu ish amalga oshiriladi. Demak, yil yakunigacha o‘zgarish jiddiy muammo keltirib chiqarmasligi mumkin.
Keyinroq ikkinchi bosqich boshlanadi, ya’ni 1 noyabrdan 3 oylik qarzdorlik sabab elektr uchun to‘lovlarni qabul qilish respublikaning barcha hududlarida cheklanadi.
Bu amaliyot 3-bosqichda jiddiy tus oladi - cheklov 2025 yil 1 yanvardan 1 oylik qarzdorlik uchun amal qiladi.
Anglaganingizdek, kelgusi yildan chiqindidan qarzni to‘lasangizgina elektr ta’minoti bilan muammo bo‘lmaydi.
Chiqindi, uni tashlaganlar “pullanadi”
Farmonda hosil bo‘layotgan chiqindilarni qayta ishlash darajasini keskin oshirish maqsad qilingan. Bunda “nol chiqindi” tamoyiliga erishish va aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish choralar ko‘riladi.
Misol uchun, joriy yil 1 iyulgacha hududlarda aholiga chiqindilarni toifalarga ajratib to‘plashi uchun QR-kodli bepul paketlar berilishini eshitgansiz.
2024–2026 yillarda Toshkent, Angren, Andijon, Buxoro va Termiz shaharlari va Toshkent tumanidagi ko‘p qavatli uylar hududlaridagi chiqindilarni yig‘ish maydonlarida chiqindilar «qayta ishlanadigan», «qayta ishlanmaydigan» va «oziq-ovqat» toifalariga ajratgan holda yig‘iladi.
Ushbu hududlardagi ko‘p qavatli uylarning chiqindi yig‘ish maydonlarida qog‘oz, plastik chiqindilar, qora va rangli metall chiqindilar, shishalar, to‘qimachilik materiallari, rezina kabi chiqindilarni sotib olish yo‘li bilan qabul qilish tashkil qilinadi. Ya’ni, kelgusida fuqarolar chiqindini shunchaki tashlab yubormaydi, balki pullaydi.
Radarlar ekologik huquqbuzarliklarni ham qayd qilishi haqida avval yozgandik. Endi aholi ham o‘z tashabbusi bilan chiqindixonaga aylangan yoki chiqindilar noqonuniy tashlab ketiladigan hududlarga o‘z hisobidan foto va video vositalarini o‘rnatishi mumkin bo‘ladi. Bunda huquqbuzarlardan undirilgan jarimaning 20 foizini mukofot sifatida oladi.
Rag‘batlantirish mexanizmi
Chiqindi yuklash, tashish, joylashtirish va saralash bilan shug‘ullanuvchi ishchilar, ekofaollar va jamoatchilik ekologiya nazoratchilariga 100 tadan velosiped hamda boshqa mukofotlar beriladi.
Har yili 10 yillik tajribaga ega va sadoqatli xizmat ko‘rsatgan xodimlar uchun «Tabiat uyg‘unligi himoyachisi» tanlovi o‘tkaziladi. Mazkur xodimlardan 100 nafarining davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga kontraktining to‘liq summasi to‘lab beriladi.
Bu ikki tadbir Ekologiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Har yili hukumat belgilagan tartibda «Eng toza mahalla» tanlovi o‘tkaziladi. Tanlovda g‘olib bo‘lgan 14 ta mahallaga chiqindi yig‘ish maydonchalarini qurish, ijtimoiy ob’yektlarga chiqindi konteynerlarini o‘rnatish va daraxt ekish uchun 500 million so‘mdan pul beriladi.
Shuningdek, xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil topshiriladi.
Javobgarlik kuchaytiriladi
Hujjatda 1 aprelgacha javobgarlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha normativ hujjatlarni tayyorlash belgilangan.
Xususan, chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash uchun jarima miqdorini oshirish va huquqbuzarlikni sodir etish qurolini musodara qilish (masalan, chiqindini mashinada tashlab ketsa, mashina musodara bo‘lishi mumkin), chiqindilar tashlab ketilgan joyni tozalash va chiqindilarni olib chiqib ketish majburiyatini yuklashga oid qonun loyihalari ishlab chiqiladi.
Bundan tashqari, chiqindi to‘plash maydonchalaridan chiqindilarni noqonuniy to‘plash va olib chiqib ketish uchun ma’muriy javobgarlik belgilanadi.
Hududlarni tozalashga mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar o‘z majburiyatini bajarmaganligi uchun atrof-muhit ifloslanganligi uchun javobgarlik kiritiladi.
Narxni deputatlar tasdiqlaydi
Aslida ko‘pchilikni qiziqtiradigan masala maishiy chiqindilar uchun tarif yoki to‘lov summasi bo‘lishi tabiiy. Farmonda bu borada ham aniq mexanizm belgilangan. Jumladan, har bir sanitar korxonasi o‘zi xizmat ko‘rsatadigan hududning maishiy chiqindi xizmatlari uchun to‘lov summalarini ishlab chiqadi.
Respublika markazi to‘lov summalari asoslantirilganligini o‘rganib chiqib, Iqtisodiyot va moliya vazirligining hududiy organlariga kiritadi. Ular bergan xulosa bilan viloyat hokimligiga taqdim qiladi.
Hokimlik 20 kun ichida (1-20 noyabr) tariflarni xalq deputatlari viloyat Kengashiga kiritadi. Sanitar korxonalarga keyingi yil uchun to‘lovlar Kengashning 1 dekabrga qadar qabul qilingan qarori asosida amalga oshiriladi.
Yo.Marqayev tayyorladi.
***
Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.