Samarqandda ilk bor chiqindilarni saqlash uchun yer osti majmuasi tashkil etildi

Majmua ikki konteynerdan iborat bo‘lib, umumiy sig‘imi 1,1 ming litrni tashkil etadi. U chiqindilarning tarqalib ketishi va noxush hidlarning oldini olishga mo‘ljallangan.

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan aholidan to‘planadigan maishiy chiqindilarning atrofga sochilib ketmasligi, issiq kunlarda turli noxush hidlarning tarqalishining oldini olish hamda fuqarolarga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida respublikada ilk bor Samarqand shahrining Qorasuv massivida joylashgan "Obod maskan" mahallasida ikkita yarim yer osti chiqindi saqlovchi maxsus qutilar majmuasi ishga tushirildi.

Mazkur yer osti chiqindi saqlash majmuasi 2 metr chuqurlikda joylashtirilgan bo‘lib, ularning har biriga 2 tadan, jami 4 ta maxsus konteyner o‘rnatilgan.

Konteynerlarning har biri 3 metr kub, ya’ni 550 litr sig‘imga ega bo‘lib, 1000–1500 nafar aholiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Kelgusida hududda shunday tipdagi yana 5 ta yer osti majmuasini qurish rejalashtirilgan.

Mahalla aholisining ta’kidlashicha, endi hududda chiqindilarning belgilanmagan joylarga tashlanishi, shamol yoki uy hayvonlari sababli yerga sochilib yotishi holatlarining oldi olinadi.