Samarqand shahrining ayrim hududlari chiqindilardan nega tozalanmayapti?
Aholi o‘rtasida yuqumli kasalliklar ko‘payishi va havoning ifloslanishining oldini olish maqsadida shahar, tuman markazlaridagi mahalla, ko‘cha, bozor, maktab hamda boshqa jamoat joylarida chiqindi qutilari o‘rnatilgan va obodonlashtirish ishlari olib borilyapti. Ko‘p qavatli uylar atrofiga esa maxsus chiqindi tashlash shoxobchalari qurilgan. Ammo ko‘chalarning odam gavjum joylari - bozor, mahalla guzarlari, maktablar yonidan o‘tar ekansiz, chiqindi uyumlariga ko‘zingiz tushadi.
Samarqand shahridagi ayrim ko‘cha va mahalla hududlarini o‘rganish jarayonida bunga guvoh bo‘ldik. Jumladan, shaharning Shohruh Mirzo, Amir Temur nomli ko‘chalaridagi ariqlar chiqindi va xazon uyumlari bilan to‘lgan. Shuningdek, shahardagi Abdulla Avloniy nomli mahalladagi deyarli barcha ko‘p qavatli uylar atrofida xuddi shunday holat.
Abdulla Avloniy nomli mahalla raisi Dilorom Shirinboyevaning ma’lum qilishicha, yig‘ilgan chiqindilarni haftasiga ikki marta olib ketish “Maroqand Obod” davlat unitar korxonasi xodimlarining vazifasi. Ularga bugun chiqindilarni tozalash aytilgan. Lekin uyulib qolgan chiqindilar ko‘pligidan ko‘rish mumkinki, yaqin bir oylar orasida mahalladan chiqindi olib ketilmagan. Buni mahallada yashovchi fuqaro ham tasdiqladi.
- Shu mahallaga ko‘chib kelganimizga ikki yil bo‘ldi, - deydi 154-ko‘p qavatli uyda yashovchi I.Rajabova. – Qachon qarasangiz, uyimiz yonida chiqindi to‘planib turadi. Yaqin bir-ikki oyda bu chiqindilar tozalanganini ko‘rmadim.
Achinarlisi, mahalla hududidagi bolalar maydonchasining atrofi chiqindi bilan to‘lganidan atrofga yoqimsiz hid tarqalgan. Axir yosh bolalar har kuni shu maydonchada o‘ynashadi. Nahotki, ota-onalarning yoki mahalla ahlining nigohi chiqindi uyumlariga tushmagan bo‘lsa.
To‘g‘ri, hozir xazonrezgi mavsumi. Shu bois chiqindilarning ko‘p qismini barg-xazonlar tashkil qiladi. Ammo qonunchilikka ko‘ra, xazonlar to‘kilishi davrida barg-xazonlarni har kuni yig‘ishtirish zarur. Vazirlar Mahkamasining “Maishiy chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi ishlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, to‘plangan barglar maxsus ajratilgan joylar yoki kompostyorlash maydonlariga olib chiqiladi. To‘plangan barglarni olib chiqib ketish hududlarni tozalash uchun mas’ul bo‘lgan jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan yoki shartnoma asosida ixtisoslashgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.