Qachon chiqindidan pul topishni o‘rganamiz?
Keyingi yillarda maishiy chiqindilarni tashib ketish muammosi dolzarb bo‘lib boryapti.
Prezidentimizning 2020 yil 29 sentyabrdagi "Maishiy va qurilish chiqindilari bilan bog‘liq ishlarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga ko‘ra, davlat-xususiy sheriklik loyihalari amalga oshirilishi chiqindi tashishdagi muammolar bartaraf etilishiga yordam bermoqda. Jumladan, davlat-xususiy sherikchilik asosida ish olib borayotgan Nurobod tumanidagi "Gold Marjonabegim" MChJ, Payariq tumanida "Shohimardon Asqarov" oilaviy korxonasi, Kattaqo‘rg‘on shahrida "Kattaqo‘rg‘on obod servis" MChJ sanitar tozalash korxonalari tomonidan kuniga 500 tonnadan ziyod maishiy va qattiq chiqindilar olib chiqilyapti.
Biroq hamma tumanlarda ham ish ko‘ngildagidek tashkil etilgan deb bo‘lmaydi. Viloyatimizning 8 tumanida "Toza hudud" DUKning filiallarini tugatish ishlari yakuniga yetgani yo‘q. Viloyat hokimining topshirig‘iga asosan ular ham ikki oy ichida tugatilib, tender asosida tadbirkorlarga o‘tkazilishi kerak. Jumladan, Jomboy tumanida ham "Toza hudud" davlat unitar korxonasi tuman filiali tadbirkorlar qo‘liga o‘tgani yo‘q.
- Sohani davlat-xususiy sheriklik asosida tadbirkorlarga topshirish maqsadida tender o‘tkazish uchun e’lon berganmiz, - deydi Jomboy tumani hokimligi bosh mutaxassisi Sherzod Suvonov. – Hozirgacha 10 nafarga yaqin tadbirkor tenderda qatnashish istagini bildirgan. Arizalarni o‘rganib chiqishda ularning mazkur sohada tajribasi, jamoa bilan ishlash ko‘nikmasi, shuningdek, texnikalari bor-yo‘qligini aniqlayapmiz. Hozircha “Toza hudud” DUK tuman bo‘limi xizmatidan foydalanib kelyapmiz.
Bugungi kunda mazkur korxonada 60 nafar ishchi-xizmatchi mehnat qiladi. Ular 20 ga yaqin maxsus texnikalar yordamida kuniga 70-80 tonna qattiq va maishiy chiqindilarni tashib chiqarishadi.
Tumandagi 38 mahallaning 30 tasida yashovchi 30 ming iste’molchi bilan chiqindilarni tashib ketish uchun shartnomalar tuzilgan, - deydi “Toza hudud” DUK tuman bo‘limi boshlig‘i Baxtiyor Rajabov. – Bir hafta davomida barcha mahallalarni aylanib, chiqindilarni poligonga chiqarib tashlaymiz. Ayrim olis mahallalarga haftasiga 2 kun borishimizga to‘g‘ri keladi. Biroq chekka hududlardagi Nogahon, Olmazor, Polvonariq, To‘qqizboy, Qo‘ng‘irot kabi 8 ta mahalla bilan shartnoma tuza olmadik. Sababi, maxsus texnika va ishchi yetishmaydi. Tan olish kerak, ayrim texnikalarimizga yoqilg‘i hamda zarur butlovchi qismlarda uzilish bo‘lib turadi.
Korxonada pullik xizmat ham yo‘lga qo‘yilgan. Suyuq chiqindilarni tashish xizmatida oyiga 10 million so‘mgacha foyda olinmoqda. 20 nafar nazoratchi tomonidan kuniga 10 million so‘mdan ziyod to‘lov yig‘ilmoqda. Ammo korxonaning davlatdan 2 milliard 530 million so‘m qarzi bo‘lgani holda uni to‘lash ancha murakkab bo‘lmoqda. Aprel oyi rejasi 274 million so‘m bo‘lsa-da, nazoratchilar tomonidan 256 million so‘m pul terib olindi. Bu qarzni qoplab, yana samarali xizmat ko‘rsatish uchun korxonaga yana qancha yil kerak bo‘lar ekan-a?
- Tumandagi 800 dan ziyod korxona va tashkilotning 667 tasi bilan shartnoma tuzilgan, - deydi korxona bosh muhandisi Nurilla Islomov. – Tuman hududida 140 ta maxsus quti o‘rnatilgan, Toshkent va Shodlik mahallalarida esa chiqindi yig‘ish shoxobchalari tashkil etilgan. Barcha ijtimoiy soha ob’yektlarida ham chiqindi qutilar qo‘yilgan.
Yaqindan boshlab tuman markazidan ancha olisda bo‘lgan Nayman qishlog‘iga ham haftasiga bir marotaba “Toza hudud” maxsus mashinalari qatnay boshladi. Ko‘chama-ko‘cha aylanib, signal usulida ishlayotgan yuk mashinalari har safar 12 tonnadan ziyod qattiq va maishiy chiqindilarni olib chiqa boshladi.
- Mahallamizda maxsus chiqindixona yo‘qligi sababli har bir xonadon chiqindisini bir joyga to‘plab, yoqib yuborar yoki dala yoqasiga, ariq va zovurlarga tashlab yuborardi, - deydi naymanlik Sodiq Rahimov. - Natijada qishlog‘imiz ekologiyasi buzilib, atrof-muhit ifloslanib qoldi. O‘tgan yili mahalla raisi qishlog‘imiz faollari bilan maslahatlashib, “Toza hudud” mashinalarini ham mahallamiz ko‘chalarini aylanib, chiqindilarni tashib chiqarish imkoniyatini o‘rganib, shartnoma tuzishga qaror qildi. Endi birorta burchakda chiqindi uyumini ko‘rmaysiz. Mashinalar har hafta seshanba kuni kelib chiqindilarni olib ketadi.
Tumanda 7 gektar joyni egallagan chiqindi poligoniga kuniga 26 ta mashina yordamida 80 tonnaga yaqin maishiy va qattiq chiqindi kelib tushadi. Biroq ularning barchasi rekultivatsiya, ya’ni zararsizlantirilib, ko‘mib yuboriladi. Chiqindi saralaydigan ishchilar yo‘q. To‘g‘rida, bo‘lganda ham qayerga olib borardi? Chunki tumanda davlat-xususiy sheriklik asosida ishlaydigan tadbirkorlar yo‘q. Qog‘oz, metall, plastmassa kabi zarur bo‘lgan chiqindilarni qayta ishlaydigan kichik korxonalar tashkil etilmagan.
Xullas, Jomboy tumanida ham chiqindilarni tashib chiqarish va ularni saralaydigan tadbirkorlik sub’yektlariga muhtojlik sezilmoqda. Buning uchun tender tanlovlari o‘tkazilib, tadbirkorlarni aniqlab klasterlarni tashkil etish zarur.
Dilmurod To‘xtaev.