Issiqdan emas, vahimadan ehtiyot bo‘laylik!

Kecha o‘g‘lim qiziq bir ish qilibdi.

Ko‘chaga chiqib, asfaltga tuxum chaqib ko‘ribdi.

- Aya, tuxum yoyilib ketdi, lekin pishmadi, - deydi hayratlanib.

Achchig‘im keldi.

- O‘g‘lim, tuxumni bekorga isrof qilibsan oyoq ostiga. Tabiatni sinash uchun ham boshqa yo‘l topsa bo‘lardi, — dedim.

Lekin shu kichik voqea menga katta bir haqiqatni eslatdi.

Bugun ba’zilar issiqni ko‘rib, xuddi dunyo tugayotgandek vahimaga tushyapti...

Avval issiq bo‘lmaganmi? Bo‘lgan!

Avval saraton bo‘lmaganmi? Bo‘lgan!

Avval chilla bo‘lmaganmi? Bo‘lgan!

Avval internet bo‘lmagan, ijtimoiy tarmoqlar bo‘lmagan! Kishilarda sabr-toqat bo‘lgan! Odamlar sal narsaga baqir-chaqir qilmagan!

Faqat avval odamlar har bir issiq kunni telefoniga olib, butun dunyoga tarqatmasdi.

Quyoshning taftida pishgan mevalar qayerdan keladi? Tilyorar qovunlar, uzumlar esingizdami? Albatta - quyoshdan!

Ha, iqlim o‘zgarishi bor, ilmiy haqiqat bu. Inson faoliyati tufayli dunyoda harorat ko‘tarilayotgani haqiqat! Lekin har bir issiq kunni falokatdek qabul qilish, o‘zimizga va atrofdagilarga vahima tarqatish yaxshi emas.

Biz quyoshli yurt farzandlarimiz. Bu zaminning tuprog‘i ham issiq, mehri ham issiq. Ilgari vahimachi emasdik!

Yevropaliklar uchun bu ANOMALIYa bo‘lishi mumkin, ularda bunaqa issiqlar rostdan bo‘lmagan. Biz esa tabiatan qaynoq qonmiz, mijozimiz ham issiq!

Ko‘proq SUV iching, salqin joyda dam oling, keksalar va bolalarni asrang! Tik quyosh nuridan saqlaning!

Qolgani - tabiatning qonuni, axir!

Quyosh - dushmanimiz emas, u hayot manbai, tiriklik asosi!

Shukr qiling va yashashda davom eting!

Nima dedingiz?

Gulchehra Berdiyorova.