Chidamli bakteriyalar xavfi: Mutaxassislar global tahdiddan ogohlantirmoqda

JSST antibiotiklarga chidamli bakterial infeksiyalarning tez sur’atda o‘sib borayotgani haqida ogohlantirdi. Asosiy sabab dori vositalarining haddan tashqari va noto‘g‘ri qo‘llanilishidir.

Antibiotiklarning noto‘g‘ri qo‘llanilishi butun dunyoda bakteriyalarning doriga chidamli bo‘lib borishiga olib kelmoqda. Mutaxassislar ta’kidlashicha, bu jarayon asosan shifokor tavsiyasisiz antibiotik qabul qilish, ayrim virusli kasalliklarni davolashda shart bo‘lmagan holatlarda ham qo‘llash yoki antibiotik bilan davolash jarayonini noto‘g‘ri olib borish sababli tezlashmoqda.

Immunologlarning aytishicha, bunday xatolar “chidamli bakteriyalar seleksiyasi”ga sabab bo‘ladi. Bunda, ayniqsa, E.coli va Klebsiella kabi bakteriyalar katta xavf tug‘diradi.

Buning yana bir sababi, hayvonlarda kasalliklar tarqalishi, ko‘payishining oldini olish maqsadida antibiotiklarning qishloq xo‘jaligida ham qo‘llanilishi. Bu esa go‘sht orqali antibiotik qoldiqlarining inson tanasiga tushishiga olib kelishi mumkin.

Olimlar aytishicha, bakteriyalar tabiiy ravishda mutatsiyaga uchraydi va bir-birlariga chidamlilik genlarini o‘tkazishi mumkin. Bu jarayon “kvorum-sensing” deb ataladi — bakteriyalar o‘zaro axborot almashib, o‘zini muhofaza qilish qobiliyatini oshiradi.

Antibiotiklar faqat shifokor tavsiyasi bilan va to‘liq kursda qabul qilinishi shart. Teskari holatda bakteriyalar doriga o‘rganib qoladi va davolash samarasiz bo‘ladi, deya ogohlantiradi terapevtlar.

Muttaxassislar antibiotik yozishdan oldin “antibiotiklarga sezgirlik” tashxisini o‘tkazishni tavsiya qiladi. Bu eng mos va samarali dorini tanlashga yordam beradi.

JSST an’anaviy antibiotiklar tobora samarasiz bo‘lib borayotgani haqida bong uradi. Nima uchun bu sodir bo‘lmoqda?

Gap shundaki, genlardagi tasodifiy o‘zgarishlar va o‘zaro "foydali" genlar almashinuvi ularni antibiotiklarga chidamli qiladi. Kasalxonalar bu "omon qolganlar" uchun ideal joy: bemorlar ko‘pligi, turli instrument va moslamalar bakteriyalar omon qolish uchun yuqori rag‘batga ega. Shuning uchun tozalik, dezinfeksiya va personalni o‘qitish sifati antibiotiklarga chidamlilikka qarshi kurashda hal qiluvchi omillardan hisoblanadi. Xullas, aholi antibiotiklarni nazoratsiz qabul qilmasligi, shifoxonalar esa qoidalarga qat’iy rioya qilishi zarur.

G.Xoldorova tayyorladi.