Samarqanddagi harbiy tarixiy muzeyga borganmisiz?
2017 yilda Markaziy harbiy okrugning Samarqand garnizonida harbiy tarixiy muzey tashkil etilgan. Bu maskan faqat eksponatlar jamlangan bino emas, balki tarix, jasorat va vatanparvarlik ruhi aks etgan ma’naviy-ma’rifiy dargoh hisoblanadi.
Muzey ekspozitsiyalari Amir Temur va temuriylar davridagi harbiy san’atga bag‘ishlangan bo‘limlar bilan boshlanadi. Unda o‘sha davr jangovar an’analari, qo‘mondonlik mahorati, harbiy tartib-qoidalar, qurol-yarog‘ va harbiy texnika namunalari aks ettirilgan.
Ushbu muzeyga tashrif buyuruvchilar buyuk sarkardaning harbiy strategiyasi va davlat boshqaruvidagi tajribasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi, - deydi Markaziy harbiy okrug tarbiyaviy-mafkuraviy ishlar boshqarmasi boshlig‘i Hamza Umarov. — Shuningdek, muzeyda Birinchi va Ikkinchi jahon urushlari yillarida vatan himoyasida fidokorlik ko‘rsatgan yurtdoshlarimiz, jadidchilik harakati namoyandalari, shuningdek, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan ziyolilarning hayoti va faoliyatiga oid materiallar o‘rin olgan.

Muzeyning alohida bo‘limlari esa milliy armiyamiz hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topishi, rivojlanish bosqichlari va erishgan yutuqlariga bag‘ishlangan.
Shu bilan birga, Markaziy harbiy okrug faoliyati, harbiy-taktik mashg‘ulotlar, xalqaro hamkorlik, tinchlikparvarlik operatsiyalari, zamonaviy harbiy texnikalar, harbiy xizmatchilarning fidoyi mehnatini aks ettiruvchi hujjatlar, mukofotlar va fotosuratlar namoyish etilgan.
Muzey zamonaviy talablarga mos ravishda interaktiv taqdimotlar, virtual ekspozitsiyalar, videoarxivlar bilan jihozlangan. Bolalar va o‘smirlar uchun joriy etilgan “Vatanparvarlik maktabi”, buyuk bobolarimiz nomi bilan ataluvchi maxsus sinflar esa yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda Vatanga muhabbat va mas’uliyat hissini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bundan tashqari, ushbu maskan xorijlik mehmonlar, harbiy delegatsiyalar va xalqaro tashkilotlar vakillari uchun ham ochiq bo‘lib, hamkorlik, do‘stlik munosabatlarini mustahkamlash va tajriba almashishga xizmat qilmoqda.
Umuman, Samarqand garnizonidagi harbiy tarixiy muzey bugungi kunda tarix va zamonaviylikni o‘zida uyg‘unlashtirgan, ma’naviy tarbiya va harbiy-ma’rifiy markazga aylangan.
Fazliddin Ro‘ziboyev.