Mebelchilik nega rivojlanmayapti?
Soha Samarqand uchun begona emas. Ming yillar narisida ham hunarmandlarimiz tayyorlagan mahsulotlar turli davlatlarda mashhur bo‘lgan. Shu bois keyingi yillarda mebelchilikni zamonga mos rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Bu boradagi ishlar samarasi o‘laroq, o‘tgan yilning 1 noyabr holatiga viloyatda 608 ta mebel korxonasi ro‘yxatdan o‘tgan. Faqat shuning o‘zi bilan kifoyalansak, hammasi yaxshidek go‘yo. Biroq ro‘yxatdan o‘tgan korxonalarning 49 foizi yoki 299 tasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Qolgan 51 foizi faoliyat ko‘rsatmayotgani joylardagi ishlarning ahvolini, aniqrog‘i sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning ijrosi sust ekanligini ko‘rsatmaydimi?!
Soyada qolayotgan soha
Tahlillarga ko‘ra, mebel korxonalarining 75 tasi 25 foiz, 58 tasi 50 foiz, 63 tasi 75 foiz va bor-yo‘g‘i 78 tasi 100 foiz quvvatda ishlayapti. Viloyat bo‘yicha quvvatlardan foydalanish darajasi o‘rtacha 63 foizni tashkil qilgan. Demak, mebel ishlab chiqarish imkoniyatining yarmidan sal ko‘prog‘idan foydalanyapmiz.
Bundan tashqari, 353 ta korxona hisobotlarida ishchilar soni ko‘rsatilmagan. Qolganlarida esa 1 tadan 3 tagacha ishchi bilan faoliyat yuritayotgani qayd etilgan. Mazkur holat sohada yashirin iqtisodiyot “gullab” yotganini ko‘rsatmaydimi?
Muammo va kamchilik tahlillarda ko‘zga tashlanishi rost. Shu ma’noda o‘tgan yil 9 oyi yakuni bilan 242 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilganidan xursand bo‘lolmaymiz. Chunki bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 52 milliard so‘mga ko‘p bo‘lishiga qaramasdan faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soniga taqsimlanganda o‘rtacha 843 million so‘mlik mebel mahsuloti to‘g‘ri kelmoqda, xolos.
Shuningdek, ishchilar soni viloyat bo‘yicha 149 taga oshgan, ammo Samarqand tumanida 47 taga, Narpayda 17 taga, Bulung‘urda 8 taga kamaygan.
Mutasaddilar mas’uliyatni unutdimi?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 25 maydagi “Mebel va yog‘ochsozlik sanoatining rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bilan Past Darg‘om tumani Xonqa tajribasi asosida 2025-2026 yillarda mebelchilik jadal rivojlantiriladigan tumanlar ro‘yxatiga kiritilgan.
Tumanda 30 gektarlik hududda mebelchilik markazi tashkil etish vazifasi belgilangan. Biroq tuman hokimligi bugungi kunga qadar mos keluvchi bo‘sh yer maydoni bo‘yicha taklifni taqdim etmagan.
Tumandagi Qorag‘uppa mahallasida joylashgan "Nextformuz" mas’uliyati cheklangan jamiyatida 55 nafar ishchi ko‘zga tashlangan. Biroq soliq bazasida ishchilar soni 25 nafarni tashkil qilib, qat’iy soliq to‘lov rejimida ekan. Bu degani har oy 2,5 million so‘m soliq to‘lanadi, ammo korxona ochilish marosimidan beri 2 oy o‘tdi. Kamida 50 kundan beri ishlamoqda.
Bir dona stul narxi 500 ming so‘mligini va quvvati kuniga 1500 taligini inobatga olsak, bu 50 kunda 37,5 milliard so‘m degani. Korxona tovar aylanmasi 500 million so‘mdan oshgan taqdirda qatiy soliq to‘lovchidan chiqarilishi kerak. Ammo shuncha katta korxona chiqarilmasdan kelinmoqda. Masalan, o‘sha kunning o‘zida sexdagi tayyor mahsulotlar va shourumdagi mahsulotlar qiymati ham 500 million so‘mdan oshib ketadi.
Imtiyozdan qachon foydalaniladi?
Yuqorida qayd qilingan qaror bilan 15 avgustdan boshlab mebel va yog‘ochsozlik mahsulotlarining mahalliy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilganligini aniqlash bo‘yicha «O‘zbekekspertiza» AJ tomonidan to‘lov undirilmasdan ekspertizadan o‘tkazish, shu jumladan, mahalliy ishlab chiqarilgan tovar to‘g‘risidagi sertifikat yoki ekspert xulosasini rasmiylashtirish amaliyoti joriy etilgan.
Ushbu sertifikatlar davlat xaridlari portallariga kirishga yo‘l ochadi. Shu vaqtga qadar viloyatda 22 ta korxonaning 971 ta mahsulotiga sertifikat berilgan. Ammo Kattaqo‘rg‘on shahri, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Qo‘shrabot, Nurobod, Oqdaryo, Paxtachi, Toyloq, Urgut tumanlarida bitta ham korxona sertifikat olmagan.
Bundan tashqari, ushbu qaror bilan mebel ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator imtiyozlar berilgan, jumladan, mebel ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo, ehtiyot qismlar, furnitura va aksessuarlar importida bojxona boji 1 foiz stavkada etib belgilangan. Biroq bu imkoniyatdan yetarlicha va to‘g‘ri foydalanilmayapti.
Savdodagi ko‘zbo‘yamachilik
Samarqand shahridagi "Ishonchli mebel jihozlari" mas’uliyati cheklangan jamiyati mebel jihozlari savdosi faoliyati bilan shug‘ullanadi. Jamiyat do‘koniga kirilganda bironta xaridorga QR-kodli chek berilmayotganligi aniqlangan. Korxona rahbari shu vaqtga qadar 200 ming AQSh dollarilik (2,4 milliard so‘m) mahsulot sotganini ma’lum qilgan. Biroq soliq bazasida 9 oylik jami tovar aylanmasi 983 million so‘m etib ko‘rsatilgan. Aslida ushbu korxona yiliga qariyb 30 milliard so‘m savdo qiladi.
Ushbu manzildagi “Brickwood” shourumida 3 mingdan ortiq mebel mahsulotlari namunasi mavjud. Bu do‘kondan ustalar yoki xaridorlar mahsulotga buyurtma beradi, zaruriy o‘lcham va son aniqlanib, biroz yuqorida joylashgan ishlab chiqarish sexiga - "Samarqand mebel servis" mas’uliyati cheklangan jamiyatiga buyurtma jo‘natiladi. U yerdan yarim tayyor mebel ishlab chiqariladi va ustalar tomonidan xaridorga yetkazib berib, yig‘iladi.
Ishlab chiqarish faoliyati o‘rganilganda shourumda 3 nafar va ishlab chiqarishda 30 dan ortiq ishchilar ishlayotganligi, ular kuniga 300 ta DSP listni qayta ishlanayotganligini ma’lum qilgan. Bitta DSPdan kesilgan yarim tayyor mahsulot narxi 450 ming so‘mni tashkil etadi. Agar korxona bir oyda 25 kun ishlasa, kamida 3 milliard 375 million so‘mlik mahsulot tayyorlab beriladi. 9 oyda bu 30 milliard 375 million so‘mlik mahsulot bo‘ladi. Biroq soliq bazasida ishchilar soni 15 taga kam ko‘rsatilgan, 9 oylik jami tovar aylanmasi esa 6,4 milliard so‘mni ko‘rsatgan.
Korxonaga yondosh hududda yana bir mebel sexi ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatayotganligi aniqlangan. Tabiiy savol tug‘iladi, nega ishlab chiqarish hajmi yashirilayotganligiga hamma indamasdan qarab turgan?
"SIYA MEBEL" mebel sexida ishchilar soni 7 nafar qilib ko‘rsatilgan, ammo 35 nafarga yaqin ishchi ishlayotgani ma’lum bo‘ldi. Korxona rahbari ular mavsumiy ishchi ekanliklarini bildirdi. Ammo mavsumiy ishchini ro‘yxatga olmaslik mumkinligini kim o‘rgatgan?
Viloyat hokimi ishtirokida o‘tgan muhokamada mutasaddilardan shu kabi savollar so‘raldi. Qayd qilingan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifa va muddatlar belgilandi.
Yoqubjon Marqayev.