Ozarbayjonlik migrantlar majburan Ukrainaga qarshi urushga jo‘natilayotgani aytilmoqda

Rossiyada ishlayotgan migrantlar, jumladan Ozarbayjon fuqarolari Ukrainada davom etayotgan urushga majburan yuborilayotgani haqida yangi ma’lumotlar paydo bo‘ldi.

Vesti.az APAga tayanib xabar qilishicha, so‘nggi holatda Ukrainaga qarshi urushga Ozarbayjon fuqaroligiga ega 20 nafar shaxs chaqirilgan.

Ozarbayjonliklardan biri 3–4 yil avval Rossiyaga qurilish sohasida ishlash uchun kelgan. U so‘nggi yillarda jang harakatlari bo‘lmagan hududlarda, Donetsk shahrida turli ob’yektlar qurilishida mehnat qilgan.

Dekabrda u Ozarbayjonda yashayotgan akasiga xabar yozib, qurilishda ishlayotgan taxminan 250 nafar ishchini majburan avtobuslarga o‘tqazib, Voronej viloyatida joylashgan 11097-harbiy qismga, 362-polkka olib borishganini bildirgan.

Ularni Ukrainaga — front chizig‘iga jo‘natish rejalashtirilgan.

Qurilishda taxminan ming nafar migrant ishlagan. Ular orasida Ozarbayjon, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston fuqarolari bo‘lgan.

Ular ishlagan hudud to‘liq yopiq bo‘lgan, u yerga erkin kirish imkoni yo‘q edi. Hatto ishga borish yo‘lida ham 3–4 ta harbiy postdan o‘tishlariga to‘g‘ri kelgan. Avvaliga ishchilar turar joy binolari va boshqa ob’yektlar qurilishi bilan shug‘ullangan. Keyinchalik ularni guruh-guruh qilib noma’lum yo‘nalishga olib ketishgan.

Birinchi bosqichda ishchilarning yarmi, keyin esa qolganlari olib ketilgan. Ammo ularga qayerga olib ketilayotgani haqida hech qanday ma’lumot berilmagan. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, ularni avval Voronejga olib borib, u yerda 1–2 kun ushlab turishgan, shundan so‘ng Rostov viloyatidagi harbiy qismga ko‘chirishgan. Hech kimdan urushga borishga rozimisan, deb so‘ralmagan. Shuningdek, ular harbiy xizmatga oid hech qanday hujjatni imzolamagan.

Shunga qaramay, ularga allaqachon harbiy forma tarqatilgan va harbiy tayyorgarlik boshlangan. Ayni paytda bu guruhda taxminan 20 nafar ozarbayjonlik bo‘lib, ularni amalda Ukrainaga qarshi urushga garov sifatida tayyorlashmoqda.

Ozarbayjonliklarga oilalari bilan telefon orqali juda kam hollarda bog‘lanishga ruxsat berilgan. Shuningdek, ularning qarindoshlari bu masala yuzasidan Rossiyadagi Ozarbayjon elchixonasi va boshqa tegishli idoralarga murojaat qilgani ta’kidlanadi.

Rossiya tomonidan migrantlarni Ukrainadagi urushga turli yo‘llar bilan jalb etilishi yangi holat emas. Moskva migrantlarni jang harakatlari hududiga yolg‘on va’dalar, aldash, tahdid va qo‘rqitish kabi usullar orqali yuborayotgani aytilmoqda.

Ish izlab yoki boshqa maqsadlarda Rossiyaga kelgan migrantlarni Ukrainaga qarshi urushga jalb etish hech qanday me’yorlarga to‘g‘ri kelmaydi. Migrantlarning og‘ir ahvolidan foydalanib, ularni amalda aniq o‘limga yuborish orqali Rossiya navbatdagi bor inson huquqlari va migratsiya qonunchiligiga mutlaqo bee’tibor ekanini namoyon etmoqda, deyiladi xabarda.

G.Xoldorova tayyorladi.