Ikki ozarbayjonlikning o‘limi Moskva va Boku o‘rtasidagi diplomatik mojaroga sabab bo‘ldi

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida ozarbayjonlik aka-ukaning o‘limi bilan bog‘liq diplomatik mojaro Moskva va Boku o‘rtasida bir yil ichida ikkinchi marta ommaviy tortishuvni keltirib chiqardi.
Juma kuni Yekaterinburgda huquq-tartibot idoralari xodimlari 2001, 2010 va 2011 yillardagi qotilliklarda gumonlanuvchilarni qo‘lga oldi. Hibsga olish chog‘ida asli ozarbayjonlik bo‘lgan aka-uka Ziyiddin va Gusayn Safarovlar halok bo‘ldi. Yana bir necha kishi kasalxonaga yotqizilgan.
Ozarbayjon manbalarining iddao qilishicha, Safarovlar qo‘lga olish chog‘ida xavfsizlik kuchlari tomonidan “shafqatsizlarcha o‘ldirilgan”. Rossiya Tergov qo‘mitasi aka-ukalardan biri yurak xurujidan vafot etganini, ikkinchisining o‘limi sabablariga oydinlik kiritilayotganini ma’lum qildi.
Dushanba kuni Rossiyaning «Sputnik» agentligining Bokudagi ofisida federal xavfsizlik xizmatining ikki xodimi hibsga olingan. Hukumatga yaqin ozarbayjon nashrlari Rossiya hukumati va shaxsan prezident Vladimir Putinni tanqid qilmoqda. Moskva Rossiya huquq-tartibot organlarining harakatlariga bunday javobni asossiz deb hisoblaydi.
Vaziyat o‘tgan yil oxirida Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi Ozarbayjon yo‘lovchi samolyotini adashib urib tushirib yuborgan inqirozni eslatadi. Yo‘lovchilarning yarmidan ko‘pi halok bo‘ldi, ular orasida urib tushirilgan samolyotni Qozog‘istonga olib borishga muvaffaq bo‘lgan uchuvchilar ham bor.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev Rossiyadan aybini tan olishni va chuqur tergov o‘tkazishni talab qilgan edi. Putin uzr so‘radi, ammo bu yetarli emas edi. Propaganda urushi boshlandi, Boku "Rossotrudnichestvo" tuzilmasi "Rossiya uyi"ni josuslikda ayblab, yopdi va Rossiya davlat nashri - "Sputnik" filialini yopishni talab qildi.
Halok bo‘lganlarning akasi, «525-ci qəzet» gazetasi bosh muharrir o‘rinbosari Seyfeddin Guseynli Rossiya xavfsizlik kuchlari vakillari tomonidan «shafqatsizlarcha o‘ldirilgan» ukalari jasadlarini tan olish uchun sud-tibbiyot ekspertizasiga taklif etilgani tanasidagi ko‘p sonli qiynoq izlarini ko‘rib dahshatga tushganini aytgan.
Aka-uka Ziyiddin va Gusayn Safarovlar jasadlari bugun Ag‘jabediga dafn qilish uchun olib kelingan.