O‘zbekiston, Turkiya va Ozarbayjon o‘rtasida Anqara deklaratsiyasi imzolandi
Kecha, 29 yanvar kuni Turkiya prezidenti O‘zbekiston va Ozarbayjon delegatsiyalarini qabul qildi. Uchrashuvda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov prezident Shavkat Mirziyoyevning maktubini Turkiya rahbariga yetkazdi.
“O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylarining eng samimiy salomlari va maktubini yetkazdik. Rahbarlarimiz o‘rtasida o‘rnatilgan birodarlik rishtalari har bir sohada yaqin hamkorlik qilish uchun eng mustahkam poydevor yaratmoqda. Ming yillik tarix, an’ana va urf-odatlar bilan bog‘liq bo‘lgan xalqlarimiz farovon kelajakni barpo etish yo‘lida bir-biri bilan yaqindan hamkorlik qilmoqda”, deya yozdi Baxtiyor Saidov.
O‘zbekiston TIV rahbari Anqaraga forumda ishtirok etish uchun borgan edi. Mazkur yig‘ilishda O‘zbekiston nomidan tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov hamda transport vaziri Ilhom Mahkamov ishtirok etdi.
Baxtiyor Saidovning qayd etishicha, O‘zbekiston, Ozarbayjon va Turkiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi tashqi ishlar, savdo, iqtisodiyot va transportga mas’ul vazirlar bilan birgalikda tashkil etilgan ikkinchi uch tomonlama uchrashuvdagi muhokamalar keng qamrovli bo‘lib, eng dolzarb masalalarni hal etish va mamlakatlar uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish bilan birga turli to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha aniq qadamlarni belgilab berdi.
Uchrashuvning asosiy natijasi xalqlarning barqaror rivojlanishi uchun do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam bo‘lgan Anqara deklaratsiyasining imzolanishi bo‘ldi. Mazkur deklaratsiyada, jumladan, transport va mintaqaviy aloqalar sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar rejasi belgilangan.
Deklaratsiyada uch davlatning bir-birining suvereniteti, hududiy yaxlitligi va chegaralarining daxlsizligini qat’iy qo‘llab-quvvatlashlari tasdiqlanadi, BMT Nizomi va xalqaro huquqning umumtan olingan prinsip va normalariga rioya qilishlarini qayd etadi. Unda, shuningdek, uch davlat o‘zaro ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan yaqin strategik sheriklik va hamkorlikni rivojlantirish borasida keyingi qadamlarni qo‘yishga tayyorligi qayd etilgan.
Anqara deklaratsiyasini imzolash jarayonida tomonlar infrastrukturaga oid masalalar, bojxona amaliyoti, qonunchilik mutanosibligi, elektron xizmatlarni kengaytirish, savdo yo‘nalishidagi to‘siqlarni bartaraf qilish hamda hamkorlikdagi loyihalar yuzasidan kelishib oldi.