Ozarbayjon NNTlari - Samarqandda

Prezidentning joriy yil 26 avgustdagi tegishli farmoni bilan yurtimizda har yili dekabr oyining birinchi haftasida “Fuqarolik jamiyati haftaligi”ni tashkil etish belgilandi.

Joriy haftalik doirasida poytaxtda O‘zbekiston va Ozarbayjon nodavlat notijorat tashkilotlari forumi o‘tkazilmoqda.

Forumda ishtirok etish uchun kelgan Ozarbayjon delegatsiyasining 20 nafar a’zosi Samarqandga keldi. Tashrif doirasida mehmonlar "Do‘stlik uyi"da ham bo‘lib, viloyatda faoliyat yuritayotgan nodavlat notijorat tashkilotlari, turli diaspora vakillari bilan uchrashdi.

Dastlab ular "Do‘stlik uyi"ning faoliyati bilan tanishtirildi. 47 ta nodavlat notijorat tashkiloti, xususan, 11 ta milliy madaniyat markazi joylashgan binoda barcha sharoitlar yaratilgan, tadbirlar o‘tkazish uchun 4 ta faollar zali, muzey bor. “Xayrli niyat” yetim bolalar va nogironlar xayriya jamiyati, madaniyat va san’at xodimlarining “E’zoz” assotsiatsiyasi, Ozarbayjon milliy madaniyat markazi viloyat bo‘linmasi faoliyati, ularning a’zolari ijod na’munalari ko‘rgazmasi mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Davra suhbatida O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘linmasi boshlig‘i Shoim Kenjayev yurtimizda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hususida to‘xtaldi. “Sabr” respublika ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish markazi ijrochi direktori Madina Rahimova, respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi Samarqand mintaqaviy filiali direktori Otabek Qosimov O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining qonuniy asoslari, ijtimoiy masalalarni yechishdagi o‘rni va vazifalari haqida ma’lumot berdi. Delegatsiya a’zolari o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollarga ham javob oldi.

— O‘zbekistonga ikkinchi marotaba kelishim, - deydi Ozarbayjon "Nuroniylar" kengashi raisi o‘rinbosari Ramin Gasanli. – Birinchi navbatda Samarqandni ziyorat qilishni maqsad qildik. Boisi, bu maskan biz uchun ham, qardosh boshqa millat vakillari uchun ham muqaddas joy hisoblanadi. O‘ylaymanki, forum doirasida yo‘lga qo‘yiladigan hamkorligimiz davlatlarimiz va xalqimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Tashrif doirasida mehmonlarning muqaddas qadamjolar, tarixiy obidalarga sayohati tashkil etildi.