Maromiylik harakati Samarqand to‘ylarida sezilyaptimi?

Bundan bir asr oldin, ya’ni jadid bobolarimiz to‘y va marosimlarni qisqartirish borasida kurashgan, o‘z fikr-mulohazalarini o‘sha davr gazetalarida yozib ketgan. Hamon biz ushbu illatga qarshi kurashyapmiz, biroq aholini sog‘lom fikrlashga o‘rgatish, yillab mashaqqat bilan to‘plagan pulini bir kunda sovurib yuborish noto‘g‘ri ekanini tushuntirish qiyin bo‘lyapti. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Xolbek Kubayev bilan suhbatimiz shu haqda bo‘ldi.

- Maromiylik, ya’ni to‘y va ma’rakalarni qisqartirish haqida chora-tadbirlar dasturi viloyatimizdagi mas’ul idora rahbarlari tomonidan imzolandi. Xo‘sh, bu borada joylarda qanday targ‘ibot ishlari olib borilyapti?

- Respublika bo‘yicha to‘ylarni qisqartirish borasida 2019 yilda harakatlar boshlangandi. Pandemiya sababli bu harakat to‘xtab qolgan edi. 2025 yilda maromiylik dasturiga qaytadan kirishildi. Aslida “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da maromiylik so‘zi biror ish, faoliyat yoki jarayonning me’yori, o‘lchovi degan ma’nolarni bildiradi. Bu harakat aholi o‘rtasida bevosita isrofgarchilikning oldini olish, shukronalik qilish hamda bag‘rikenglik fazilatlarini targ‘ib etishga qaratilgan dastur sifatida qabul qilinib, butun O‘zbekiston bo‘ylab joriy etilmoqda. Joriy yilning oktyabr oyining oxiridan boshlab Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston Musulmonlar idorasi, “Mahalla” uyushmasi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi hamda “Nuroniylar” jamg‘armasi birgalikda dabdabali to‘y yoki oilaviy marosimlarni ixchamlashtirishga qaratilgan targ‘ibot kompaniyasi boshlandi. Respublikada ushbu beshta tashkilot rahbarlari qo‘shma memorandum imzolashib, buning ijrosini quyiga yubordi. Shu asosda bizda ham viloyatdagi tashkilotlar o‘rtasida memorandum tuzildi. Quyi tashkilotlarda ham ushbu memorandum qo‘llab-quvvatlanib, bugungi kunda hayotga joriy qilindi.

Dastur boshlanishidan oldin ham viloyatda to‘ylarni qisqartirish bo‘yicha harakatlar boshlangandi. Dastlab tajribani Samarqand tumanidan boshladik. Keyingi yillarda Samarqand, Urgut, Toyloq tumanlarida to‘ylarni o‘tkazish bo‘yicha maromiylik degan tushuncha yo‘qolib ketgandi. To‘y va marosimlarning xarajatlari haddan ziyod oshib, aholiga ko‘p qiyinchiliklar olib kelayotgandi. Masalan, Samarqand tumanida o‘g‘il uylantirishga o‘rtacha 300 million so‘m mablag‘ ketar ekan. Aslida eng kam to‘y xarajati 200 million so‘mga tushayotgan bo‘lsa, bu yog‘i 1 milliard so‘mgacha nikoh to‘yini o‘tkazayotganlar borligi achinarli holatdir.

2024 yilda viloyatda 31 mingdan ziyod nikohlar qayd qilingan. Agar buni pulga hisoblaydigan bo‘lsak, salkam 2 trillionga yaqin mablag‘ bo‘lyapti. Qayta-qayta o‘tkazilayotgan marosimlarni birlashtirish orqali sarf-xarajatlarni 2-2,5 baravarga qisqartirish mumkin.

Rivojlangan davlatlardan biri bo‘lgan Germaniyada yashash sharoiti bizdan ancha yuqori bo‘lsa-da, nikoh to‘yiga 50 kishi taklif qilinar ekan. Turkiya davlatida o‘rtacha 100-150 kishilik nikoh to‘yi o‘tkazilarkan. Buning ustiga ularda “shved dasturxoni” qilinib, odamlar ehtiyojiga yarasha oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelib yeyisharkan va isrofgarchilikka yo‘l qo‘yilmaskan. Bizning to‘ylarimizda maromiylikning o‘zi yo‘q, sababi eng kamida 400-500 kishilik to‘y qilinadi. Ba’zilar umri davomida to‘y uchun pul yig‘adi, xorijda ishlab kelgan pulini bir kunlik to‘yga sarflab yuboradi. Albatta, ko‘pchilikning muhojir sifatida chet elga ketishining sababi ham to‘y va marosimlarni katta o‘tkazish natijasidir.

Yuqorida aytilgan beshlikka chora-tadbirlar rejasi berilgan. Har hafta Samarqand-105 radiokanalida bir tumanning bo‘lim rahbari, imomi va boshqa mas’ullar ishtirokida chiqish qilinyapti. Shuningdek, televideniyeda “Ma’rifat shu’lasi” nomli ko‘rsatuvimiz bo‘lib, har oyda bitta tuman misolida to‘ylarni ixchamlashtirish borasida aytilyapti. Bundan tashqari, tumanlarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlarining natijasi monitoring qilib borilyapti. Keyingi paytda aholi orasida hashamatli to‘y qilish, to‘ylardagi salbiy odatlarni ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirish holatlari birmuncha kamaydi. Bu ham odamlarning ongida yaxshi tomonga o‘zgarishlarning natijasi bo‘lsa kerak.

- Restoran egalari bilan ham to‘ylarni qisqartirish borasida targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilyaptimi? Demoqchi bo‘lganim, bundan 2-3 yil avval ham to‘ylarni qisqartirish taklifi o‘rtaga tashlanganida, to‘ylarga kam kishi aytilsa, dasturxon yanada qimmat bo‘lishi, to‘yxona egalari daromadining kamayishini xohlamayotgani kabi gaplar tarqalgandi.

- Maromiylikka rioya qilgan holda restoranlarda to‘y o‘tkazishga avvalo, soliq idoralari ma’lum bir me’yorlarni belgilab berishi kerak. Masalan, stol-stullar soni va sarflanadigan xarajatlar belgilanishi lozim. To‘ylarni ixchamlashtirish borasida tumanlarda o‘tkazilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlariga to‘yxona egalari ham taklif qilinyapti. Ayni kunda 16 ta tuman (shahar)da bu narsa aniq yo‘lga qo‘yildi, deb aytolmayman. Misol keltiradigan bo‘lsam, Qo‘shrabot tumanida ixcham to‘y o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. Shu sababli Qo‘shrabotda katta to‘y qilmoqchi bo‘lganlar boshqa tumanda to‘yini o‘tkazishni rejalashtirayotganini eshitdim. Endi bu ishlar boshlanishi, albatta, boshida hamma birdaniga bo‘ysunmaydi. Targ‘ibot-tashviqot ishlarimizning keyingi bosqichida choralarimiz yanayam qattiqroq bo‘lsa kerak. “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida”gi kodeksning 1921-moddasida to‘y va marosim qiluvchilarga ham, to‘yxona egalariga ham javobgarlik belgilangan. To‘y egasiga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari miqdorida, to‘yxona egasiga 30 baravar jarima belgilangan. Bu holat bir yil davomida yana qaytarilsa, to‘yxona egasi bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari miqdorida jarimaga tortiladi. Bu yigirma milliondan ortiq mablag‘ degani. Buning nazorati to‘xtovsiz olib boriladigan bo‘lsa, natijaga erishsak bo‘ladi.

- Samarqand tumanida avj olgan dabdabali to‘ylar haqiqatda ham ixchamlashdimi? Masalan, hamma tanigan ziyoli insonni yaqinda ixcham to‘y qilganini eshitdingizmi?
- Samarqand tumanining deyarli hamma mahallalari bilan gaplashyapmiz. Masalan, Xo‘ja Axrori Valiy ziyoratgohi atrofi Chorshanba mahallasida joylashgan. Ushbu mahallada maqtovga sazovor ishlar bo‘lyapti. Yaqinda mahallada to‘y bo‘lgan, unga 200 ga yaqin kishi taklif etilib, ortiqcha sarf-xarajatga yo‘l qo‘yilmagan. To‘y egasi to‘yga atagan puliga o‘g‘liga mashina olib boribdi, u shu bilan tirikchilik o‘tkazyapti. Shuningdek, mahallada har bir marosimga ketadigan mahsulotlarning tannarxi chiqarilgan hamda qatnashadigan odamlarning soni ham aniq ko‘rsatilgan. Masalan, nikoh to‘yiga qancha, fotiha to‘yicha qancha odam borishi belgilangan. Chorshanba mahallasida amalga oshirilayotgan ishlarni viloyatimiz bo‘yicha namuna sifatida ko‘rsatsak bo‘ladi.
- Pandemiya davrida odamlar 30 kishilik to‘yga ham rozi bo‘lishdi, nega yana to‘y-marosimlar kundan kunga avj olyapti? Bu odamlarning yashash tarzi yaxshilanayotganidan darakmi yoki aksincha?
- Agar aholidan so‘rovnoma o‘tkazilsa, to‘y qiladigan odamlarning sakson foizi dabdabali to‘y qilishga qarshiligini bildiradi. Kimdir ota-ona orzusi deb, kimdir o‘g‘il yoki qizining orzusi deb dabdabali to‘y qiladi. Aholining asosiy qismi katta to‘y o‘tkazishga sharoiti bo‘lmasa-da, odamlar nima deydi, tarzida yo‘l tutadi. Aslida odam o‘zi uchun, farzandlarning ta’lim-tarbiyasi, kelajagi uchun yashashi kerak. Odamlar sizning to‘yingizni bir kun gapiradi, undan keyin eslamaydi. Ammo qarz bo‘yningizda qoladi. Afsuski, oramizda kredit yoki qarz olib to‘y qilayotganlar bor. To‘ydan keyin qarzni to‘lash uchun oilaning bir qismi chet elga ketyapti. Ko‘p o‘tmay har-xil gaplar tarqalyapti va yangi oila buzilyapti.
- Dabdabali to‘y qilmoqchi bo‘lganlarga biron maktab yoki bog‘chani ta’mirlash, jihoz olib berish kabi savobli ishlarga yo‘naltirish borasida ham o‘ylab ko‘ryapsizlarmi?

- Aslida savob ish qilayotganlarning bir qismi buni hech kimga aytmaydi. Savobli ishni tushunganlar haj yoki umra safariga bormasdan yiqqan mablag‘ini mahalla ko‘chasiga asfalt yotqizish yoki ko‘prik qurib berishga sarflayotganlar bor. Ammo bunday kishilar barmoq bilan sanarli darajada kam. Qolganlari esa hoyu-havasga berilgan, ma’naviy qashshoq kishilardir. Masalan, oxirgi vaqtda yangi odatlar chiqqan. Ulardan biri to‘ylarda kelin-kuyovning kiyimlarini ko‘rgazma sifatida maxsus “Sarpo.uz” degan mashinada olib borishadi. Ushbu mashinalar xizmati 400-500 dollar turar ekan. Yanayam achinarlisi, Samarqand tumanidagi “talbon” to‘yda bir narsaning guvohi bo‘ldik. Kelin necha xil kiyimi bo‘lsa, hammasini kiyib chiqib, mehmonlarga ko‘rsatar ekan. Afsuski, mana shunday bema’ni odatlar ko‘payib ketyapti. To‘ylarda kelin tomon kuyov tomonga, kuyov tomon kelin tomonga nafaqat tilla taqinchoqlar, balki undan ham qimmatbaho sovg‘alarni tarqatyapti. Lekin 1 mlrd pul sarflab to‘y qilayotgan fuqaroga shuning 100 millionini mahallani obod qilish yoki maktab uchun jihoz olib berishga so‘rasangiz bermaydi. Aslida tushunchasi keng bo‘lgan inson dabdabali to‘y qilmaydi. Yanayam ko‘pchilik bo‘lib, ta’sir qilishga urinsak, ishlarimiz yaxshi tomonga o‘zgaradi, degan umiddaman.
- Sizningcha, ixcham nikoh to‘yi qanday bo‘lishi kerak? O‘z oilangizda qanday to‘y o‘tkazmoqchisiz?
- Qizlarimni uzatganman, hammasi xudoga shukr baxtli yashashyapti. Men tomondan qilinadigan to‘ylarni hovlimda kamxarj tarzda o‘tkazganman. Yaqinda ukam o‘g‘il uylantirmoqchi. U ham 200 kishiga yaqin mehmon aytmoqchi. Shuningdek, dasturxonga tortiladigan ovqati ham bitta bo‘ladi, ikki-uch xil ovqat tortilmaydi. Aslida Samarqand shahridagi to‘ylarda bor-yo‘g‘i 20 foiz ovqat yeyiladi. Qolgani isrof bo‘ladi. Shuning uchun odamlar me’yorni tushunib yetishi kerak.
- O‘zingizning nikoh to‘yingiz qanday o‘tgan?
- Nikoh to‘yim 1995 yilning 12 avgustida hovlimizda bo‘lgan. Qishloq to‘ylarida deyarli dabdabaga berilmaydi, o‘sha paytda buning imkoni ham yo‘q edi. Biz ZAGSga borishga bir dona “Gaz-24” mashinasini topganimizga xursand bo‘lganmiz. O‘ttiz yil oldingi to‘ylarni ko‘z oldingizga keltiring, temirdan yasalgan uzun stollar, gilamga paxta bilan kelin-kuyovning ismi yozilardi. Dasturxonda osh, non va salat bo‘lardi xolos. Deyarli hamma shunday to‘y o‘tkazardi. Odamlar isrofdan qo‘rqardi.
- Mazmunli suhbatingiz uchun tashakkur.

Xurshida ERNAZAROVA suhbatlashdi.