Dasturilamal yoki uzoq muddat maqsadlarimiz rejasi

So‘nggi yillarda Murojaatnoma yo‘llash an’anaga aylanib, u mamlakatni rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalarni belgilab beruvchi muhim siyosiy va strategik hujjat sifatida qaror topdi. Shu sabab davlatimiz rahbarining joriy yildagi Murojaatnomasi ham katta qiziqish bilan kutib olindi.

Joriy yilgi Murojaatnomada 2026 yili amalga oshiriladigan quyidagi eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishdan iborat dastur taqdim etildi:

  • birinchi ustuvor yo‘nalish — mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish;
  • ikkinchi ustuvor yo‘nalish — iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish;
  • uchinchi ustuvor yo‘nalish — ichki bozorda talabni rag‘batlantirish;
  • to‘rtinchi ustuvor yo‘nalish — kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish;
  • beshinchi ustuvor yo‘nalish — ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish;
  • oltinchi ustuvor yo‘nalish — zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirishdan iborat.

Murojaatnomada qayd qilingan bu ustuvorliklarning o‘ziyoq har bir soha kishisi, umuman, jamiyatimizning har bir a’zosi uchun dasturilamal, ta’bir joiz bo‘lsa? mayoq bo‘lishi shubhasiz.

Qolaversa, davlatimiz rahbarining parlamentga murojaati ortda qolayotgan to‘qqiz yilda jamiyatimiz va davlatimiz bosib o‘tgan katta taraqqiyot yo‘li teran hamda xolis tahlil qilingani bilan ham ahamiyatli bo‘ldi.

Shu sababli “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini qayta ko‘rib chiqish tashabbusi ilgari surildi. Birgina shu tashabbus erishgan yutuqlarimiz oldimizda turgan marrani yanada kattaroq olishga asos bo‘layotganini bugun har bir yurtdoshimiz teran anglab turibdi.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda,“Biz islohotlarni aniq amaliy natijaga aylantirishni o‘rgandik. Buning tasdig‘ini tobora yangicha qiyofa kasb etib borayotgan shahar va qishloqlarimizda, zamonaviy korxonalar, savdo-servis maskanlari, maktab, bog‘cha va shifoxonalar, obod ko‘cha va mahallalar, transport-logistika tizimi, raqamli xizmatlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin”.

Darvoqe, Murojaatnomada faqat kelgusi yil uchun maqsad va vazifalar qayd qilingan, desak uning qiymatini, bahosini tushirib yuborgan bo‘lamiz. Zero, Murojaatnomada katta va uzoq muddatli maqsadlar ham ilgari surildi. Misol uchun, O‘zbekistonning kelajakda o‘z kosmonavtlarini koinotga uchirish niyati borligi qayd etildi.

Aslida faqat shuning o‘ziyoq yurtimizda ilm-fan, ta’lim, texnologiya va innovatsiyalar sohasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlarning ko‘lami, kelajagi va ramziy natijasi sifatida e’tirof etilishi mumkin.

Umuman, Murojaatnoma O‘zbekiston bundan keyin ham xalq farovonligi uchun zamon bilan hamnafas qadam tashlashi, buning uchun barcha imkoniyatlar borligi e’tirof etildi. Biz, deputatlarga qonunchilikni ilg‘or davlatlar tajribasi asosida takomillashtirib borish vazifasi qo‘yildi.

Diyor Husanov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.