Samarqand shahrida “Kasblar festivali” o‘tkazildi
Samarqand shahridagi markaziy istirohat bog‘ida 5 may – Kasb va mehnat kuni munosabati bilan “Kasblar festivali” tadbiri tashkil etildi.
Festivalda viloyatimizdagi barcha kasb-hunar kollejlari va texnikumlar o‘zlaridagi mavjud kasb yo‘nalishlari bilan qatnashib, umumta’lim maktablarining yuqori sinf o‘quvchilarini kasbga yo‘naltirish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib bordi.
- Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim sohasidagi hamkorlikni izchil rivojlantirish doirasida Samarqand xalqaro kolleji tashkil etildi, - dedi kellej rektori Shu Shu. – Kollejimiz Ishtixon tumanida joylashgan bo‘lib, bu yil sentyabr oyidan o‘quvchilarni o‘qishga qabul qilamiz. Ta’lim jarayonida ilg‘or xalqaro standartlar joriy etilgan holda Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi. Talabalar 1+1, 2+2, 1+3 dasturlari bo‘yicha ta’lim oladi, ya’ni bir yil kollejda, bir yil Xitoydagi o‘quv dargohida mexatronika, sun’iy intellekt, axborot xavfsizligi, elektron tijorat kabi zamonaviy kasblarga o‘qitiladi. Xitoy tili ham o‘rgatiladi.
Kasblar festivalida “Dual ta’limni tashkil etishning afzalliklari mavzusida ish beruvchi korxonalar va tashkilotlar hamda kasbiy ta’lim muassasalari o‘rtasida hamkorliklar yo‘lga qo‘yildi va o‘zaro shartnomalar imzolandi. Xorijda malaka oshirgan ishlab chiqarish ta’limi ustalariga sertifikatlar topshirildi.
Kasblar festivalida viloyat hokimi Adiz Boboyev va soha mutaxassislari qatnashdi.