Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar institutida “Karera kuni” tashkil etildi

Yigirmadan ziyod davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari ishtirokida o‘tgan “Karera kuni” tadbiri avvalida institut rektori Shavkat Hasanov yuqori malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash ustuvor vazifa ekanligini ta’kidlab, bitiruvchi talabalarning kelajakdagi kasbiy faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Tadbir davomida “Agromir” MChJ, “Agrobank” ATB hamda turli ilmiy-tadqiqot institutlari hamda tashkilotlar vakillari va boshqalar talabalarga bo‘sh ish o‘rinlari, amaliyot imkoniyatlari va kelajakdagi hamkorliklar yuzasidan ma’lumotlar taqdim etdilar. Masalan, “Karera kuni” tadbirida bo‘sh ish o‘rinlari bilan qatnashayotgan “Ako Shams” konsalting xususiy korxonasi vakillari 5 milliondan 30 million so‘mgacha 5-6 nafar buxgalterlik vazifasiga xodim kerakligini bildirishdi. Shuningdek, Samarqand agrokimyoviy tahlil markazi vakillari yangi bo‘lim va turli bo‘sh ish o‘rinlari uchun tuproq tarkibini tahlil qiladigan oliy ma’lumotli mutaxassislarni ishga qabul qilishini bildirdi.
Tadbir yakunida 40 dan ziyod talaba ishga kirish bo‘yicha ariza topshirib, kelajakdagi faoliyati uchun muhim qadam tashlashdi.