Xayrulla Hamroning yorqin xotirasi yod etildi

Bulung‘ur tumanidagi 11-son madaniyat uyida 9 may — “Xotira va qadrlash kuni” munosabati bilan taniqli jurnalist va shoir Xayrulla Hamro xotirasiga bag‘ishlangan “Xotirangiz qalblarda o‘chmagay mangu” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

“Burch. Jasorat. Matonat!” shiori ostida tashkil etilgan tadbirda nuroniy otaxon va onaxonlar, ta’lim muassasalari o‘qituvchilari, yoshlar, jurnalistlar, yozuvchi va shoirlar, shuningdek, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida so‘zga chiqqanlar Xayrulla Hamroning hayot yo‘li, sermazmun ijodi, jurnalistika sohasidagi samarali mehnati hamda uning xalq ma’naviyatini yuksaltirishga qo‘shgan munosib hissasi haqida samimiy xotiralar bilan o‘rtoqlashdilar.

Ta’kidlanganidek, Xayrulla Hamro nafaqat mohir jurnalist, balki qalam kuchi orqali inson qalbiga yo‘l topa olgan nozikta’b shoir sifatida ham yurtdoshlar mehrini qozongan ijodkorlardan biri edi. Uning tahliliy va tanqidiy ruhdagi dolzarb maqolalari “Oila va jamiyat”, “Zarafshon”, “Samarqand” gazetalari sahifalarida muntazam chop etilib, keng o‘quvchilar e’tiboriga tushgan.

- Xayrulla Hamroning jurnalistika va adabiyot sohasidagi o‘rni alohida e’tiborli, - dedi tadbir ishtirochilaridan biri Mamarizo Abdurahmonov. - Uning ijodi hanuzgacha ko‘plab qalam ahli va yosh ijodkorlar uchun ibrat maktabi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan shoirning hayot va mehnat faoliyati haqidagi chiqishlar namoyish etildi, uning vatanparvarlik, inson qadri va hayot haqidagi mazmunli she’rlaridan namunalar ifodali o‘qib berildi. Bu chiqishlar tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi.